Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadriyatlarimiz – bebaho boyligimiz
12:51 / 2022-05-01

Navoiy viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan Nurota tumani “Chuya” mahalla fuqarolar yig‘inida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, milliy qadriyatlar, urf-odatlarni yosh avlodga o‘rgatish, ularni milliy ruhda tarbiyalashga qaratilgan “Qadriyatlarimiz – bebaho boyligimiz” g‘oyasi ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bilan tasdiqlangan Milliy dasturdagi vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda mahallada istiqomat qiladigan keksa onaxonlar, faol ayollar va yoshlar ishtirok etdi.

– Biz bejizga bu tadbirni o‘tkazish uchun tumanimizdagi “Chuya” mahalla fuqarolar yig‘inini tanlamadik, – deydi Nurota tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Gulruh Bobomurotova. – Ushbu hudud nafaqat o‘zining go‘zal va betakror tabiati, balki milliy urf-odatlarimizning saqlanganligi va hurmat qilinishi bilan ham ajralib turadi. Bu hududda yashaydigan har bir piru-badavlat otaxon, onaxonlar o‘zlari bilgan va yoshliklarida ko‘rib, eshitgan qadimiy va bir-biridan go‘zal milliy urf-odat va an’analarimizni, boy hayotiy tajribalarini yosh avlodga o‘rgatishga, milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatini yanada yuksaltirishga shay ekani insonni quvontiradi.

“Qadriyatlarimiz – bebaho boyligimiz” g‘oyasi ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda qishloq ayollari yoshlarga hozirga qadar saqlab qolingan urf-odatlar, hunarmandchilik yumushlaridan ip yigiruv, gilam va olacha to‘qish, jun savash, so‘zana tikish kabi hunarlar yuzasidan ma’lumotlar berib, amalda ko‘rsatib berdi.

Shuningdek, tadbir davomida folklor jamoalarning chiqishlari, milliy liboslar namoyishi, kelin salom marosimi va milliy raqslar yig‘ilganlarga bahoriy kayfiyat ulashdi.

A.Bo‘riyev, O‘zA