Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qadriyatlar qadr topgan ona Vatan – O‘zbekistonim!”
20:33 / 2023-03-22

Navro‘z ayyomi butun mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan shu kunlarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi, Zomin tuman axborot kutubxona markazi hamda tuman tarixiy muzeyi hamkorligida xuddi shu shior ostida “Navro‘z bayramining tarixi” mavzusida davra suhbati va yangi adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Prezidentimizning joriy yil 1 martdagi “2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda yozuvchilar uyushmasi, tuman axborot kutubxona markazi, tarixiy muzeyi xodimlari mahalliy shoir, yozuvchi, jurnalist hamda yosh adabiyotshunoslar to‘garagi a’zolari ishtirok etdi.  

Tadbirda Navro‘z bayramining qadimiy tarixi, ushbu bayram nishonlanayotgan kunlarda o‘tkaziladigan milliy an’analar, urf-odatlarimiz haqida atroflicha fikr yuritildi.  

Bugun mana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida Zomin tuman axborot-kutubxona markazida “Qadriyatlar qadr topgan ona Vatan – O‘zbekistonim!” shiori ostida 3 ming yillik tarixga ega Navro‘z bayramida o‘tkaziladigan milliy urf-odatlarimiz, qadimiy an’analarimiz, qadriyatlarimiz o‘tkazilib kelingani tadbir ishtirokchilarining asosiy diqqat markazida bo‘ldi.  

– Navro‘z uch ming yillik tarixga ega bayram bo‘lib, ushbu bahoriy bayram Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqning ko‘plab mamlakatlarida nishonlanadi. Navro‘z – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Albaniya, Qirg‘iziston, Makedoniya, Turkiya va Tojikistonda davlat bayrami sifatida qayd etilgan bo‘lsa, Rossiyaning ayrim mintaqalarida, jumladan Dog‘iston, Tatariston, Boshqirdiston va boshqalarda milliy bayram hisoblanadi. Bundan tashqari, Navro‘z Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati, Iroq Kurdistoni va Hindistonning ayrim hududlarida ham bayram sifatida nishonlab kelinmoqda.

Odatda, bu kun tabarruk keksalarimiz qalblarida shukronalik bilan duoga qo‘l ochib, Yaratgandan – yasharish, yangilanish bayrami nishonlanayotgan kunlarda yurtimizga tinchlik, elimizga farovonlik, dehqonchilik va chorvachillikka baraka so‘raydilar, vatandoshlarimiz esa bir-birlariga omonlik tilab, bahorning ushbu yangi kunidan yerga nihol ekib, dalaga urug‘ qadaydi. Yaxshi niyat bilan o‘tkazilayotgan bu kabi turli tadbirlar esa yurtdoshlarimiz ko‘nglini yanada obod qilmoqda, yaratuvchilik, bunyodkorlik ishlariga undamoqda. Qadr topgan qadriyatlarimizni, Navro‘zimiz tarixini yoshlarimizga o‘rgatish, kelajak avlodga qoldirish bugungi tadbirimizdan ko‘zlangan asosiy maqsadimizdir, – deydi Zomin tuman axborot kutubxona markazi rahbari Nargiza Anvarova.

Davra suhbati nihoyasida tashkil etilgan yangi adabiyotlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, yurtdoshlarimiz kayfiyatini ko‘tarishga, qalblarida ezgulik, shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar Jizzax viloyatining boshqa hududlarida ham davom etmoqda.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA