Insoniyat tarixini kuzatib shunday xulosaga kelish mumkinki, iqtisodiy yutuqlar ma’rifat va madaniyatning yuksakligidan dalolat beradi va ayni paytda iqtisodiyotni rivojlantirmay turib ilmiy – ma’rifiy yuksakliklarga ham erishib bo‘lmas ekan. Bu jo‘ngina fikrga iqror bo‘lmoq uchun ham iqtisodiyoti, ham madaniyati taraqqiy etgan mamlakatlardagi iqtisodiy, ma’rifiy manzaralarni kuzatishning o‘zi kifoyadir. Chunki ehtiyojning qanoatlantiradigan darajada turli ilm va bilimlarni egallash uchun mablag‘ kerak. Ust – bosh va dasturxondan ortib qoladigan miqdorda mablag‘ to‘plash uchun esa unumli va samarali mehnat qilmoq lozim. Nazarimda, mamlakatimizda mahsulot ishlab chiqarish sur’atlarining xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etilayotgan darajada o‘sishini asosiy sabablaridan biri jamiyatimizdagi ma’naviy yangilanishdir. Haqiqatan ham keyingi yillar davomida xalqimizning ma’rifiy, madaniy, ilmiy salohiyatini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish uchun sarf qilinayotgan mablag‘larni ko‘z oldimizga keltirsak, har qanday hisobdonning ham boshini aylantirib yuboradigan raqamlarni ko‘ramiz. Eng muhimi, bunday beqiyos harajatlar hozirdanoq o‘zining ijobiy samaralarini bermoqdaki, buni birgina sport sohasidagi yuksalishlar misolida ko‘rib turibmiz.
Bahodir Jalolov - og‘ir vazn toifasida professional bokschi. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro toifadagi sport ustasi, ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni, ikki karra jahon chempioni, u – O‘zbekiston bayrog‘ini olam uzra ko‘targan o‘g‘lon, «O‘zbekiston iftixori» ordeni sohibi.
To‘g‘ri, dunyoda polvonlar ko‘p, ammo ularning birovi ham Bahodir Jalolovga bas kela olmayapti-ku! Tarixiy nuqtai nazardan kechagina mustaqillikka erishgan mamlakatning farzandlari juda qisqa fursatlarda olamshumul muvaffaqqiyatlarga erishayotgani o‘z-o‘zidan sodir bo‘layotgani yo‘q. Eng muhimi, bu kabi yutuqlar salmog‘ini mamlakatimizning markazida ham, olis viloyat va tumanlarida ham yaqqol ko‘rish, kuzatish mumkin.

Ana shunday gurkirab rivojlanayotgan muzofotlardan biri Denov tumanidir. Istiqlolimiz milliy mafkuramiz qaror topishiga keng yo‘l ochib berdi. Uning tomirlari esa ko‘p ming yillik tarixga ega bo‘lgan qadriyatlarimizdan oziqlanadi. Mamlakatimizning har bir go‘shasi singari Denov ham faxrlansa arziydigan shonli va zafarli o‘tmishga ega. Arxeolog va tarixchilar manbalar va moddiy topilmalarni o‘rganib, Denov shahri va tevarak – atrof bundan ikki – uch ming yil ilgari ham rivojlangan hudud bo‘lganligini asoslab berdilar. Shuni biling, aziz o‘quvchim – qoloq halq hech qachon ming yillar sobit turuvchi mustahkam qo‘rg‘onlarni qurolmaydi! Ha, bobolarimiz ma’rifat, madaniyat, iymon va e’tiqodda benazir odamlar bo‘lishgan. Denov tarixini aytaversak, katta bir doston bo‘ladi. Shaharning qoq markazida bundan olti yuz yil ilgari qurilgan Sayyid Otaliq madrasasi qad rostlab turibdi. Ro‘parasidagi “Egizi”ni o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida sho‘ro jangarilari “Eskilik sarqiti” sifatida buzib, olti yuz yildan beri qilt etmay turgan pishiq g‘ishtlarni bo‘lmag‘ur maqsadlar uchun ishlatib yuborishgandi. Ammo, hozir gap bu haqda emas, xayrli tasodif tufayli saqlanib qolgan Sayyid Otaliq madrasasining istiqlolimiz uchun nechog‘lik ahamiyatli ekani haqida gapirmoqchiman. Men uning timsolida buyuk qadriyatlarimizning zavol bilmas haykalini ko‘rganday bo‘laman. Har joyning o‘z haqiqatlari va ularni me’yorda ushlab turadigan azaliy qonun – qoidalari bor. O‘z – o‘zidan ayonki, bunday o‘lchamlar Denovga ham to‘la taalluqlidir. Demak, Denov, bu – Denovda! Denov cho‘llar tugab, tog‘lar boshlanadigan mintaqaga to‘g‘ri keladi. Yozi salqin, qishi mo‘’tadil. Shuning uchun bir vaqtlar bu yerda shakarqamish yetishtirganlar. Denov xurmosi O‘zbekistondan tashqarida ham mashhur. To‘g‘ri, qo‘shni tumanlarda, hatto boshqa viloyatlarda ham xurmoni o‘stirish mumkin va shunday bo‘layapti ham. Ammo xurmo biror joyda Denovdagichalik serhosil va shirin bo‘lmaydi. Denovning markazida Dendrariy bog‘i bor. U yerda qanday daraxtlar o‘smaydi deysiz. “Lola” daraxtini ko‘rib, bu dunyoning turgan – bitgani mo‘jiza ekanda, deysiz. Bir paytlar Petrarkaning boshiga gultoj bo‘lgan dafnaga bu yerda jaydari o‘simlik sifatida qarashadi. Hay – hay demasangiz, bambuk bir kecha-kunduzda besh metrga o‘sadi.
Bir qarashda e’tiborni tortmaydigan bu tafsilotlar Denovning tuprog‘i va iqlimi sozligini isbotlovchi dalillardir. Tafakkur bobida olamni hayratga solgan ulug‘ bobomiz Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” nomli kitobida istiqomat uchun soz va nosoz bo‘lgan manzillarning ta’rifini bayon qiladi. Soz joylarning alomatlari sanab o‘tilgan sahifalarni o‘qib, muallif shu o‘rinda Denovni nazarga tutmadimikan, deb o‘ylab qolasan kishi. Shu kitobda bitilishicha, soz tuproq tog‘larning qanday joylashuvi, shamollarning qanday va qayoqdan esishi, ichimlik suvining sifati o‘sha yurt aholisining nafaqat sihat – salomatligiga, balki ularning quvvayi – hofizasi, aqliy rivojlanishiga ham juda sezilarli ta’sir qilar, odamlarning tabiatidagi muayyan xususiyatlar ham shu omillarga bog‘liq ekan. Qarang, mustaqillik yillarida Denovdan Istiqlolimizning besh nafar fidoyilari – Ibrohim Fayzullayev, Ahmat Narzullayev, Rahmon Muhammadiyev, Hamza Mahkamov, Yusuf Ziyoyevlar O‘zbekiston Qahramoni degan yuksak sharafli unvonga sazovor bo‘ldilar. O‘zbekiston xalq yozuvchi Tog‘ay Murod, O‘zbekiston xalq artisti O‘lmas Rasulov, O‘zbekiston xalq baxshisi Boborayim Mamatmurodovlar shu zamin farzandlaridir. Adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha to‘rt nafar shoira qiz – Feruza Qurbonova, Shahnoza Tursunova, Farida Toshpo‘latova, Dilrabo Norqulova Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari bo‘ldilar. Akademik Nazar To‘rayevni ilm ahli yaxshi biladi. Nazar akadan bir safar ilmiy faoliyatining mazmunini so‘radim: o‘n million daraja issiqlikda sirtning yemirilishini qanday qilib kamaytirish muammolari ustidagi tadqiqotlarini shogirdlari hamrohligida davom ettirayotgan ekan. Agar ijtimoiy taraqqiyot shunday sur’atlar bilan davom etaversa, 50-60 yildan so‘ng insoniyat yer yuzidagi va yer ostidagi yoqish mumkin bo‘lgan hamma narsani bitiradi. Ana o‘shanda insoniyatning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish va qondirish kerak bo‘ladi. Qanday qilib? Bu yoqda yoqish mumkin bo‘lgan o‘tin ham, ko‘mir ham, gaz ham tugaydi... O‘shanda odamlar suvning tarkibidagi vodorod atomini parchalashdan boshqa iloji qolmaydi. Dunyodagi barcha dengiz, ummonlar vodorod atomini esa havoda parchalab bo‘lmaydi. Buning ustiga uning parchalanishi uchun 10 million darajada issiqlik kerak. Biz hozir vodorod parchalanayotgan, to‘g‘rirog‘i, portlayotgan makon devorining yemirilishi darajasini kamaytirish muammolarini tadqiq qilayapmiz, degan edi Nazar aka o‘shanda. Nazar aka bayon etgan nazariy ilm manzaralarini ko‘z oldimizga keltirib hayratga tushgan edim. Denov shahrining kun botishida Qizilsuv daryosi bo‘yida Denov qal’asi degan manzil bor. Uning yarmini daryo toshqini yuvib ketgan. Ana shu o‘pirilishlar chog‘i chiqib qolgan buyumlarni ko‘zdan kechirgan akademik Galina Pugachenkova ularning miloddan oldingi davrlarda yasalganini aniqladi. Ikki ming yillarga bardosh beradigan bu Tuproqqo‘rg‘onni ota-bobolarimiz bunyod etgan. Manbalarda Qizilsuv daryosining tagi bilan o‘tib qo‘rg‘onning ichidan chiqadigan lahm – yerosti yo‘li haqida ham gapiriladi. Bunday azamat qo‘rg‘onlar, albatta, xo‘jako‘rsinga qurilmagan. Ayni haqiqat shundan iboratki, Qizilsuv ham shuncha vaqtdan beri o‘zanini o‘zgartirgani yo qurib qolgani yo‘q, qo‘rg‘on ham ertaklardagi afsona emas, joyida turibdi. O‘zbekiston Mustaqillikka erishgandan so‘ng “Tarixiy xotira” degan ibora bejiz muomalaga kirgani yo‘q. Chunki daraxtning ertalabki soyasi kechqurungi soyasiga teng bo‘ladi. “Islom Karimov –O‘zbekiston Prezidenti” degan kitob yozgan Leonid Levitin o‘z asarida Yo‘llug‘ teginning Bilga hoqon va Qultegin qabr toshlariga bitgan quyidagi bitiklarni keltiradi: “Avlodlarning birinchi burchi – o‘z ajdodlari nomini unutilishdan asrab qolishdir. O‘shanda shafqatsiz va qudratli vaqt ular ustidan hukm yurita olmaydi”. Bir ming ikki yuz yil ilgari Qultegin aytgan bu gapga denovliklar doim amal qiladilar desam, ishonavering.
Toshtemir Turdiyev,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat
ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
O‘zA