French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!
15:39 / 2021-06-08

Til millatning o‘tmishi va bugunini o‘zida ifoda etadigan bebaho boylik, millatning ko‘zgusi hisoblanadi. Istiqlol yillarida ona tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.

O‘zbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga ko‘tarilayotgan bir paytda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanilib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda ham o‘zbek tiliga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchayib borayotir.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.  

Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning huquqiy asosi sifatida qator huquqiy hujjatlar, Prezident farmon va qarorlari, dasturlar qabul qilinayotgani e’tiborga molik. Jumladan, 2019 yil 22 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2020 yil 20 oktyabrda qabul qilingan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonlari hamda shu asosida tasdiqlangan “2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” o‘zbek tilini rivojlantirish hamda maqomini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.  

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish borasida ko‘rilayotgan choralar o‘zbek tilining mavqeini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. “2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”da bir qator maqsad-vazifalar belgilab berilgan. Jumladan, ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish, davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash, davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadlari ko‘zda tutilgan.

2025 yilga qadar davlat maktabgacha ta’lim tizimida amaldagi maktabgacha ta’lim muassasalarining hududlarini kengaytirish yoki yangi quriladigan muassasalar hisobiga o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga yetkazish, 2030 yilga qadar umumta’lim maktablarida o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida o‘zbek tili fanini o‘qitish ko‘lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish vazifalari nazarda tutilgan.  

O‘zbek tilini rivojlantirish va uning mavqeini yanada mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan yanada keng tus olmoqda. Joriy yilning 3 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining navbatdagi yig‘ilishida o‘zbek tilini targ‘ib qiluvchi ijodiy izlanishlarni rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” respublika tanlovini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, mazkur tanlov uch yo‘nalishda — davlat tili ustuvorligi ta’minlangan eng namunali hudud (tuman, shahar hokimliklari), davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim (vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari), o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy-amaliy loyiha (ilmiy tashkilotlar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari) yo‘nalishlarida tashkil etiladi.

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, davlat tiliga oid muammolarni hal etishda ilmiy-amaliy yondashuvni rivojlantirish maqsadida tashkil etilayotgan mazkur tanlovni samarali o‘tkazishda tashkiliy qo‘mita, qator idora va tashkilotlar va mahalliy hokimliklar zimmasiga muayyan vazifalar yuklatilgan.  

Respublika tanlovining birinchi bosqichi joriy yilning 1 iyuligacha o‘tkazilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tuzilgan ishchi guruh mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini joyiga chiqib o‘rgangan holda respublika bosqichiga tavsiya etadi. Ikkinchi bosqich 1 iyuldan 31 iyulgacha muddatda bo‘lib, tavsiya etilgan mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan o‘rganiladi. Uchinchi bosqich 10 sentyabrgacha muddatda o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlanadi va 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni e’lon qilinadi.  

“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” respublika tanlovi o‘z mazmun-mohiyati bilan o‘zbek tilining jamiyatdagi obro‘-e’tiborini oshirish, mehnat jamoalarida o‘zbek tilini bilishning burch va majburiyat sifatida his etilishiga erishish, hududlarda davlat tilini to‘laqonli joriy etishga xizmat qiladi.  

Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tili “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” yuzlanayotgan O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalasidir. Shunday ekan, ona tilimizni boyitish, asrab-avaylash, rivojlantirish, uning sofligini saqlash hamda mavqeini mustahkamlash har birimizning zimmamizdagi hayotiy vazifa va burchimizga aylanmog‘i lozim.  

 

Muhtarama Komilova,  O‘zA