Bolalikdagi hovlimizda yuz yoshlardan oshgan bir tut bor. Uni yuz yillar burun otamning katta akasi, Asror amakim ekkanlar. O‘sha paytlari amakim 18-20 yoshlardagi navqiron yigit bo‘lib, Buxorodagi madrasalardan birida tahsil olgan. Lekin kasal bo‘lib qolganlari tufayli qishloqqa qaytib kelishga majbur bo‘lgan.
Bahorda yaqin qarindoshi, o‘zidan uch-to‘rt yosh kichik bo‘lgan Murodjon bilan bir necha tut ko‘chatini hovlimizga o‘tqazishgan. O‘shanda amakim “Murodjon, bir kuni dunyodan o‘tsam, mendan yodgor bo‘lib, shu tutlar qoladi” degan ekanlar. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay amakim vafot etgan. Ammo o‘zlari aytganday, o‘sha tutlar bir tekisda unib-o‘sib, hovlimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shgan.
Keyinchalik o‘sha tutlardan faqat ikkitasi saqlanib qolgan. Ulardan biri ham bundan o‘n yillar oldin qarigani yoki kasallangani sabab bo‘lsa kerak, qurib qoldi. Bu tut esa hali ham hech nima ko‘rmaganday, amakimdan yagona yodgorlik bo‘lib, yashnab turibdi.

Yaqin atrofda u bilan tengdosh birorta ham tut yo‘q. Ha, bu tut ne bir voqea-hodisalar, ne bir kuchli bo‘ron, shamollar, qolaversa, ne bir ajoyib suhbatu gurunglarning guvohi bo‘lmagan deysiz.
Bolaligimni eslayman. Bahorning so‘nggi oyida tutning mevalari g‘arq pishib yetilar, oilamiz dasturxonining ko‘rkiga aylanardi. Ko‘pincha uning shoxlarini pilla qurti uchun kesib ketishardi. Lekin ko‘p o‘tmay, kesilgan shoxlar o‘rniga yangi novdalar o‘sib chiqib, tut yana o‘z holiga qaytar edi.
Har gal qishloqqa, qadrdon uyimizga borganimda, tutni ziyorat qilaman. Uni naqadar sog‘inganimni his qilaman. Ko‘zlarimda beixtiyor yosh paydo bo‘ladi. Uning shox-shabbalarini silayman, o‘paman. Axir unda rahmatli Asror amakim, ota-onam tabarruk qo‘llarining izlari bor. Bundan tashqari, bu tut qadrdon bolaligimni yodga soladi. Ishonaman, u hali ko‘p yillar yashaydi. Yana ko‘pdan-ko‘p to‘y-tomoshalar, qizg‘in suhbat va gurunglarning guvohi bo‘ladi. Biz yaqinlar esa uning shirindan-shirin mevalaridan, yozning jazirama issig‘i avjiga chiqqan paytlari esa quyuq soyasidan bahramand bo‘laveramiz, inshaalloh!
Bolaligim guvohisan tut,
Hech qurima, yashna, bo‘lgin but.
Shoshilaman doim bag‘ringa,
Shoshilganday cho‘qqiga burgut.
Turob NIYOZ,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi