Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadr topgan keksalarning shijoati baland
12:27 / 2024-05-08

Samarqand shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashgan sport maktabida “Sog‘lom va zavqli hayot uchun!” shiori ostida nuroniy otaxon va onaxonlar o‘rtasida ko‘pkurash bellashuvlari o‘tkazildi.

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan viloyat hokimligi, sport boshqarmasi, madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyat birlashgan qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan bellashuvlarda viloyatimizning barcha tuman va shaharlaridan sportga ixlosmand 100 nafarga yaqin nuroniy otaxon va onaxon ishtirok etdi.  

Musobaqaning ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Shuhrat Negmatov va boshqalar keksalarning ulug‘ yoshda ham maydonga chiqib, yosh avlodga ibrat ko‘rsatayotganliklarini e’tirof etdi.  

[gallery-17315]

– 70-80 yoshli otaxon-u onaxonlarning maydondagi shijoatini ko‘rib biz ham zavqlandik, – dedi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqand viloyat kengashi raisi Suhrob  Rafiqov. – Biz hamkor tashkilotlar bundan ruhlanib, bu kabi musobaqalarni muntazam tashkil etishni taklif etmoqdamiz. Chunki, aholi o‘rtasida sportni, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda bunday musobaqalarning samaradorligi juda yuqori bo‘ladi, deb o‘ylayman. Keksalarning shijoati, albatta, yosh avlodni sport maydonlariga yetaklaydi.  

Belgilangan shartlarga ko‘ra, ishtirokchilar yugurish, bastketbol to‘pini savatga tushirish va shaxmat-shashka bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Musobaqa yakunida faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

– Anchadan beri o‘zimni bugungidek yengil his qilmagandim, – deydi oqdaryolik 75 yoshli Burxon Umirov. –  Turmush o‘rtog‘im bilan sog‘lom turmush tarziga amal qilib, har kuni erta tongdan yuguramiz. Bu an’ana farzandlarimga, ulardan nabiralarga o‘tgan. Ular ertalabki badantarbiyani kanda qilmaydi. Bugun tengdoshlar, hamfikrlar bilan birgalikda yoshlikni eslab, bellashuvlarda qatnashdik. Bizni yodga olib, hurmat-e’tibor ko‘rsatib shunday musobaqa uyushtirganlarga ming rahmat!  

Sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga bag‘ishlangan musobaqa yakunida nuroniylar uchun bayram dasturxoni tashkil qilindi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat),  

O‘zA muxbirlari