Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadr kechasi duolar ijobat bo‘ladi
18:55 / 2022-04-27

Ramazonning uchinchi dahasi, ya’ni Qadr kechasida shu yildan kelgusi yilgacha bo‘ladigan ishlar, hukmlar, rizqlar, ajallarning miqdori o‘lchanadi. Alloh taolo bir yillik taqdirni farishtalarga bildiradi va bu yil taqdir qilingan narsalarni ularga yozib qo‘ymoqlikni amr etadi. Bu muborak kechaning qadri ulug‘dir.

Qadr so‘zi ikki xil ma’noda – qadri ulug‘, ikkinchisi, miqdor, ya’ni bandalarning taqdirini belgilashdir. Unda insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan bir kecha haqida – insonlarga dunyo hayotidan chin insoniy hayot kechirib o‘tish yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatib beradigan so‘nggi mukammal ilohiy dasturilamal bo‘lmish Qur’oni karim nozil bo‘la boshlagan nihoyatda qadrli Qadr kechasi va uning fazilatlari haqida so‘z boradi. Qadr kechasi sharofatli hukmlar chiqarish va o‘lchash-belgilash, Alloh taolo tomonidan ushbu kechada O‘zi xohlagan kishiga rizq-nasiba belgilanishi va bu ishlar taqsimotini tadbir qiluvchi farishtalariga topshirish kechasi bo‘lgani uchun Parvardigor O‘z elchisi e’tiborini shu fazilatli kechaga qaratmoqda.

Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasi ekani Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan edi. Lekin sahobalar Rasulullohdan uni aniqlab aytib berishlarini ko‘p so‘raganlaridan keyin dastlab oyning uchinchi o‘n kunligida, keyinroq toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytganlar. Oxiri u kechaning alomatlarini aytganlaridan so‘ng 27-kecha ekani ma’lum bo‘lgan (“Bag‘aviy” tafsiri). 

Alloh taolo Qadr kechasining barakotidan ming oylik ibodatning ajru savobidan ko‘ra yaxshiroq ajru savob berishidan umidvor bo‘lish kerak. Qadr kechasining va undagi bedorlik, ibodat, namoz, Qur’on tilovati hamda iltijo, tazarru, duolar fazlidan o‘tgan gunohlarni kechirishidan umidvor bo‘lish kerak. Qadr kechasi duolar ijobat bo‘ladi. Shu bois, bu kechada ko‘proq yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab, duo va iltijolar qilishimiz kerak.

Jasurbek Raupov,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

O‘zA