Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlanadi
14:34 / 2022-02-11

Ming yilliklarga borib taqaladigan toshbosma manbalar, ulug‘ ajdodlarimizning boy ilmiy merosi o‘tmishda ham, bugun va ertaga ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan qimmatbaho boyliklarimizdir. Ularni o‘z holicha saqlash, kelajagimiz egalariga yetkazish hamda chuqur o‘rganish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 10 fevralda qabul qilingan «Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasini tashkil etish belgilangan.

E’tirof etish joizki, mazkur laboratoriyaning tashkil etilishi boy merosimizni bus-butun holicha saqlash va tiklashda, kelajak avlodlarga ziyonsiz holatda yetkazishda o‘ta muhim o‘rin tutadi. Chunki turli davr va asrlar silsilasida ma’lum miqdorda zarar ko‘rgan manbalarimiz, yozma bitiklarimiz juda ko‘p. Ularni restavratsiya qilish orqali o‘rganish, tadqiq qilish hamda saqlash mumkin. Shu ma’noda bunday laboratoriyaning tashkil etilishi ham ajdodlarimiz, ham kelajak avlodlarimiz oldidagi mas’ullik vazifalarimizni ado etishda tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Mazkur laboratoriya respublika hududidagi muzey, kutubxona va boshqa muassasalarning arxiv fondlarida, jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni ularning buyurtmasi asosida ta’mirlash ishlarini amalga oshiradi.

Laboratoriyaning samarali faoliyat ko‘rsatishida, albatta, yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi yo‘nalishida yetarli darajadagi bilim va ish tajribasiga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois qarorda 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida «Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi» ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bu borada respublikadagi ilmiy markazlar, muzeylar, kutubxonalar va boshqa muassasalarning qo‘lyozma fondlaridagi holat o‘rganilib, manbashunos-restavratorlarga bo‘lgan mavjud ehtiyoj aniqlanadi. Shu asosda 2022/2023 o‘quv yili uchun ta’lim yo‘nalishiga kvota ajratiladi.

Bundan tashqari, qarorga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Buxoro davlat universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida «Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik» ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisligi bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun zarur kvotalar doimiy ajratib boriladi.

Zero, buyuk alloma va mutafakkirlarning ilmiy merosini asrab-avaylash, o‘rganish hamda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib qilishda ushbu yo‘nalishdagi mutaxassislar hal qiluvchi qatlam hisoblanadi

Muhtarama Komilova, O‘zA