Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadimiy Naxshab sirlari: Yerqo‘rg‘ondan topilgan oltin nishon
07:55 / 2026-01-24

O‘zbekiston zaminida asrlar qa’ridan topilayotgan har bir osori atiqa xalqimizning buyuk o‘tmishidan so‘zlovchi tilsiz guvohdir.

Ayniqsa, qadimiy shaharsozlik madaniyati va davlatchilik asoslarini o‘zida mujassam etgan topilmalar tariximizning naqadar chuqur ildizlarga ega ekanligini ko‘rsatadi. Bundan qariyb yarim asr oldin, 1977 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti tomonidan olib borilgan tadqiqotlar ana shunday nodir voqeaga sabab bo‘ldi. Qadimiy Naxshabning yuragi bo‘lmish Yerqo‘rg‘on xarobalarida o‘tkazilgan qazishma ishlari ilm-fan olami uchun kutilmagan topilmani taqdim etdi.

Tadqiqotchilar asosiy e’tiborni shaharning “sharqiy tepalik” deb nomlangan qismiga qaratgan edilar. Bu hududda milodiy I–VI asrlarga oid shahar ibodatxonasi qoldiqlari joylashgan bo‘lib, u qadimda muayyan ma’budaga atab qurilgani taxmin qilinadi. Arxeolog Mirzali To‘rabekov ishtirokida olib borilgan izlanishlar jarayonida III va IV asrlarga oid madaniy qatlam o‘rganib chiqildi. Tuproq qatlamlari orasidan topilgan kichik, ammo tarixiy qiymati bebaho bo‘lgan oltin nishon(ko‘krak nishoni) barchaning diqqatini tortdi. Ushbu topilma shunchaki bezak buyumi emas, balki o‘sha davr me’morchiligi va harbiy salohiyati haqida muhim ma’lumot beruvchi manba edi.

Mazkur nodir yodgorlik o‘ta yupqa, qalinligi bor-yo‘g‘i 0,15 millimetr bo‘lgan sof oltin plastinkadan tayyorlangan. Uning yuza qismiga qadimiy ustalar tomonidan shahar mudofaa devori va kuzatuv burjining tasviri g‘oyat nozik did bilan tushirilgan. Tasvirning chetlari diametri 0,4 millimetr bo‘lgan, yuzasiga qing‘ir chiziqlar o‘yilgan ingichka oltin sim bilan hoshiyalangan. Bunday mikroskopik aniqlikdagi ishlov berish usuli qadimgi So‘g‘d zargarlarining mahorati naqadar yuksak bo‘lganidan dalolat beradi. Buyumning o‘lchamlari juda kichik bo‘lishiga qaramay, unda ulkan mudofaa inshootining barcha tuzilmaviy jihatlari aks ettirilgan.

Oltin plastinkadagi devor va burj tasviri shunchaki badiiy to‘qima emas, balki muhandislik yechimining aniq ifodasidir. Devor uzunligi 11,8 millimetrni tashkil etsa, burjning balandligi tishsimon kunguralari bilan birgalikda 9,5 millimetrga yetadi. Burjning tepa qismida uchta, devorning yuqori qismida esa ikkita kungura tasvirlangan bo‘lib, ular orasidagi masofa qat’iy o‘lchov asosida 2,5 millimetr qilib belgilangan. Burjning qoq markazida esa balandligi 3,5 millimetr bo‘lgan shinak, ya’ni o‘q otish uchun mo‘ljallangan maxsus teshik joylashgan. Bu detallarning barchasi shaharning harbiy himoya tizimi puxta o‘ylanganini ko‘rsatadi.

Topilmaning orqa tomonida kiyim yoki matoga qadash uchun mo‘ljallangan ikkita kichik halqacha mavjud. Qadimda oltin nishonlar va turli tumorlar ko‘chmanchi qabilalar madaniyatida keng tarqalgan bo‘lib, ular nafaqat bezak, balki yovuz kuchlardan asrovchi vosita vazifasini ham o‘tagan. Biroq Yevrosiyo dashtlaridagi ko‘chmanchilar buyumlarida asosan hayvonlar, qushlar yoki geometrik shakllar tasvirlangan. Yerqo‘rg‘on topilmasi esa ushbu an’anadan keskin farq qiladi. Unda o‘troq madaniyatning eng muhim belgisi – mustahkam shahar qo‘rg‘oni tasvirlangan.

Ushbu o‘ziga xos jihat qadimiy So‘g‘d hududida ikki xil dunyoqarash va turmush tarzining o‘zaro qorishib ketganini anglatadi. Bir tomondan, buyumning shakli va vazifasi ko‘chmanchilar an’anasiga xos bo‘lsa, ikkinchi tomondan, undagi mazmun yuksak darajada rivojlangan shahar madaniyatini ifodalaydi. Nishon garchi III–IV asrlar qatlamidan topilgan bo‘lsa-da, mutaxassislar uning yasalish vaqti ancha avvalroqqa borib taqalishi mumkinligini qayd etadilar. Bu esa So‘g‘d zargarlik san’ati va shaharsozlik an’analarining ildizlari yanada chuqurroq ekanini tasdiqlaydi.

Qadimshunos olim Mirzali Turebekov ushbu tasvirni o‘rganish jarayonida uni Parfiya hukmdorlari Orod I, Fraat IV va Pakor II tangalaridagi qal’a devorlari tasviri bilan qiyoslaydi. Shuningdek, Yangi Nisodan topilgan sopol plitadagi qal’a burchagi tasviri ham Yerqo‘rg‘on topilmasiga ma’lum darajada o‘xshashlikka ega. Ammo Qashqadaryodan topilgan ushbu namuna o‘zining nozik ishligi va mukammal kompozitsiyasi bilan ajralib turadi. U antik davr mudofaa devorlarining, xususan, to‘g‘ri burchakli burjlar va o‘q otish shinaklarining tuzilishi haqida to‘liq tasavvur beradi.

Ushbu mitti oltin buyum qadimgi ajdodlarimizning davlatchilik va shaharsozlik borasidagi salohiyati naqadar yuksak bo‘lganini namoyon etadi. Ular nafaqat muhtasham qal’alar barpo etgan, balki bu inshootlarni san’at darajasiga ko‘tarib, zargarlik buyumlarida ham aks ettirgan. Yerqo‘rg‘on ibodatxonasidan topilgan bu yodgorlik bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan tarixiy manba vazifasini o‘taydi. U bizga o‘tmishda bu hududda qudratli, o‘z chegaralarini himoya qilishga qodir va yuksak madaniyatli jamiyat mavjud bo‘lganini eslatib turadi.

Alisher Egamberdiyev, O‘zA