French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qadimiy Muruntovga boqib bugun yayrayman....”
19:56 / 2021-10-07

Xalqimizning ulug‘ shoiri Abdulla Oripovning bundan o‘n yil ilgari yozgan “Muruntov” nomli she’ridagi bu satrlar bugungi kunda dunyoda eng ko‘p oltin qazib olinayotgan kon sifatida tan olingan “Muruntov”ning har bir konchisida iftixor va g‘urur tuyg‘usini uyg‘otib, ularni yanada yangi marralarni egallashga ruhlantirmoqda.

Geologlar tomonidan “Muruntov” konning bugungi kundagi resurslari to‘rt ming tonnadan ortiq baholangan. Коннинг uzunligi 4,3 kilomter, eni 3,2 kilomter va chuqurligi 650 metr ekanligi hisobga olinsa, qanday katta hajmda ish olib borilishini tasavvur etish mumkin. Kondan shu vaqtgacha 2 milliard kub metrga yaqin tog‘ jinslari qazib olinishining o‘zi uning oltin qazib olinadigan konlar o‘rtasidagi yuqori o‘rnini ko‘rsatib turibdi.

Yillar o‘tgan sari kon faoliyatida ham fan-texnikaning rivoji va ishlab chiqarish texnologiyalarining takomillashib borishi bilan bog‘liq tarzda ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirildi. Bu yerda Amerikaning “Caterpillar”, Yaponiyaning “Hitachi” kabi jahonga mashhur firmalarining eng zamonaviy ekskavatorlari va Belorusda ishlab chiqarilgan 220-240 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega BelAZ avtoag‘dargichlardan foydalanilmoqda.

Fan va texnologiya yutuqlaridan unumli foydalanish maqsadida, konda tajriba sifatida GPS texnologiyasidan foydangan holda tog‘ ishlarini avtomatik tizimda boshqarishning birinchi navbati yo‘lga qo‘yildi. So‘ngra mazkur texnologiyani yanada takomillashtirgan holda GPS sun’iy yo‘ldosh aloqadan foydalanish tizimiga o‘tildi. Avtoag‘dargichlar va ekskavatorlarda o‘rnatilgan uzatgichlar sun’iy yo‘ldosh kanali orqali markaziy kompyuterga signal beradi. Markazdagi kuzatuvchi operator esa monitor ekranidan konning yuklash zonasidan yukni to‘kish punktlarigacha bo‘lgan barcha uchastkalardagi transport va yuklash uskunalarining holatini doimiy nazorat qilib boradi. Bundan tashqari, mazkur qurilma kondagi yuk oqimini boshqarish tezkorligini ta’minlash bilan birga avtoag‘dargich hamda ekskavatorlarni qayta yuklash punktlariga taqsimlaydi. Yuklangan tog‘ jinslari hajmini hisoblab, ma’danni qazib olish sifatini boshqarish imkoniyatini ham beradi.

“Muruntov” koni ma’danlari juda murakkab kon-geologik tuzilishga ega. Ularni qazib olishga tayyorlash o‘ziga yarasha yondashuvni talab etadi. Bu borada konchilik qonun-qoidalari hamda talablari asosida konda o‘rnatilgan tartib bo‘yicha doimiy ishlar amalga oshiriladi. Bunda burg‘ilash va portlatish ishlari parametrlari belgilanadi. Portlatish ishlarining xavfsizligini oshirish va portlatishga ketadigan vaqtni qisqartirish maqsadida 1996 yilda “Druza” radioboshqaruv tizimi ishga tushirilgan. Ushbu tizim bloklarni portlatish vaqti va ketma-ketligini o‘rnatishga imkon beradi. Ya’ni, alohida bloklar orasida portlatishlarni xohlagan vaqt oralig‘ida o‘tkazish hamda ommaviy portlatishni xohlagan vaqt oralig‘ida hamda xohlagan paytda to‘xtatish mumkin.

Ko‘p yillar davomida kombinatga qarashli konlarda portlatish ishlari uchun portlatuvchi moddalar boshqa mamlakatlardan olib kelingan. Bu esa juda ko‘p vaqt va mablag‘ sarflanishi bilan birga og‘ir qo‘l mehnatini ham talab etardi. 2001-2002 yillarda “Orica Germany” kompaniyasi texnologiyasi asosida 1-emulsion portlatuvchi moddalar zavodi qurildi va 2002 yil sentyabr oyida ishga tushirildi.

Mamlakatimizdagi foydali qazilma boyliklarini qazib oladigan konlarda emulsion portlovchi moddalarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bordi. Kombinat ehtiyoji uchun zavodning emulsion portlovchi moddalar ishlab chiqarish yillik quvvati 3 ming tonnani tashkil qilardi. 2018 yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb ikki hissaga oshdi. Kombinatda yangi konlarning ochilishi, ayniqsa, Zarmitan hududidagi yer osti foydali qazilma konlari hamda boshqa korxonalar uchun emulsion portlovchi moddalarga bo‘lgan ehtiyojni e’tiborga olib, 2-zavod qurilishi loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha qiymati 4,8 mln. dollar bo‘lgan zavodda eng ilg‘or texnologiyalar, ya’ni avtomatlashtirilgan uzluksiz texnologik liniyalar o‘rnatildi. Mazkur texnologiyalar mahalliy xomashyoga mosligi, vaqt va energiya tejamkorligi hamda avtomatlashtirilganligi bilan ajralib turardi. Bu zavodda ishlab chiqariladigan mahsulot barcha foydali qazilma konlarining tog‘-kon, geologik jarayonlari talablariga mos keladi.

Konning Markaziy gamma-aktivlashtirilgan tahlilli laboratoriyasi kombinatning noyob bo‘linmalari sirasiga kiradi. Mana 44 yildirki, laboratoriyada elektronlarni chiziqli tezlatgichda tormozlangan gamma nurlari orqali tahlil ishlari olib boriladi. Laboratoriyada geologik namunalarning tarkibidagi oltinni tezkor gamma-aktivlashgan tahlil qilish jarayoni yildan-yilga takomillashib borayapti. 1977 yilning birinchi choragida laboratoriyada bir smenada 50 ta namuna tahlil qilingan bo‘lsa, hozirgi kunda kuniga (bir sutka davomida) bitta tezlatgichda 3 ming 500 dan ortiq namuna tahlil qilinmoqda. Laboratoriyada qisqa muddat - 17 soniyada rudadagi oltin tarkibini aniqlab berish imkoniyati mavjud.

So‘nggi yillarda laboratoriyada olib borilayotgan tahlillarning yillik ko‘rsatkichi 1 million 500 mingtagacha namunani tashkil etmoqda. Dunyodagi hech bir fizik laboratoriya bu hajmda tahlil o‘tkazish imkoniyatiga ega emas. Bu laboratoriya noyobligining siri ham shunda.

Laboratoriya nafaqat kombinat bo‘linmalari, balki O‘zbekiston Geologiya davlat qo‘mitasiga qarashli geologik-qidiruv ekspeditsiyalari uchun ham namunalarni tahlil qilib berayapti. Tahlil jarayonida analitik nazorat uchun standart namunalar keng qo‘llaniladi. Laboratoriya davlat namuna standartlarini attestatsiya qilish jarayonlarida ko‘p bora muvaffaqiyatli ishtirok etgan.

Yillar davomida “Muruntov” koni chuqurligi oshishi, tog‘ jinslarini doimiy va vaqtinchalik saqlash joylariga yetkazish masofasining uzayishiga hamda ishlab chiqarish xarajatlari miqdorining ko‘payishiga olib kelishi tabiiy holdir. Korxonada tejamkorlikka erishish maqsadida 2011 yilda kombinat muhandislari tomonidan dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan yagona loyiha hisoblangan Tik-qiya konveyer majmuasi ishga tushirildi.

Ushbu majmuaning umumiy uzunligi 3 kmni tashkil qiladi. U o‘zining iqtisodiy samaradorligi jihatdan avtotransportda tog‘ jinslarini tashigandan ko‘ra ish unumdorligini bir necha bor oshiradi.Buning natijasida tog‘ jinslarini tashishda masofa va dizel yoqilg‘isi sarfi qisqarib, atrof-muhit va atmosferaga chang, gaz tarqalishining kamayishiga erishildi. Yukni yetkazib berishdagi xarajatlar 50 foizga kamayib, kon chuqurligidagi ma’danlarni tashishda avtoag‘dargichlarning ko‘tarilish balandligi 300 metr qisqardi. 

Maxsus boshqaruv markazidan boshqariladigan Tik-qiya konveyerining ishlab chiqarish unumdorligi soatiga 3500 tonnaga teng. Ish jarayoni avtomatlashtirilgan holda kompyuterda nazorat qilinadi. Konning o‘zgaruvchan, murakkab ob-havo sharoitida qazib olish ishlari va ma’danlarni tashish hajmining ko‘payishi natijasida 2014 yilda konveyer majmuasiga qo‘shimcha ravishda 2 ta yangi konveyer liniyasi ishga tushirildi. Ushbu yangi konveyer liniyalari kon ostidan chiqarilgan tog‘ jinslarini vaqtincha va doimiy maxsus joylarga yetkazib beradi.

“Muruntov” konining topilishiga “XX asr mo‘’jizasi” deya ta’rif berilgan. Kombinatda erishilayotgan yutuqlarda ulkan korxonaning asosiy xomashyo bazasi bo‘lgan mazkur kon ahil va mehnatsevar jamoasining arzigulik hissasi bo‘layapti. Tom ma’noda yurtimizning bebaho xazinasi bo‘lgan “Muruntov” koni dunyo konlari o‘rtasida yetakchilik qilib kelmoqda. 2020 yil yakunlariga ko‘ra nufuzli “KITKO” tahlil markazi tomonidan oltin qazib oluvchi yetakchi konlar bo‘yicha tuzilgan ro‘yxatda “Muruntov” koni birinchi o‘rinni egallagani barchamiz uchun katta sharafdir. Bu, kombinat yuksak malakali mutaxassislari va muhandislarining konda olib borayotgan keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlari samarasi desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda ushbu kondan yiliga 42 million tonnadan ortiq ma’dan qazib olinayotgan bo‘lsa, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 50 million tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda, ayni paytda qariyb 1800 nafar yangi ish o‘rini yaratish imkonini beruvchi “Muruntov” konini o‘zlashtirishning V navbati” investitsion loyihasi jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Mustaqilligimizning 30 yilligi tantanalari arafasida mazkur loyiha doirasida yangi davriy oqim texnologiyasi majmuasi foydalanishga topshirildi. Yangi majmuani barpo etishdan maqsad konning V navbati 1-bosqichini belgilangan muddatda o‘zlashtirish va 2-gidrometallurgiya zavodi qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish asosida qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishdir.

Mazkur loyiha maydalash va uzatish punkti, qiya-magistral konveyer, ag‘darma tashish konveyeri, temir yo‘l o‘tish inshooti kabi qismlarni o‘z ichiga oladi. Maydalash va uzatish punkti avtomobil va konveyer transportining kesishmasida joylashgan bo‘lib, kon toshlarini ma’lum miqdorgacha maydalab, so‘ngra qiya magistral konveyerga uzatadi. 

Uning umumiy quvvati soatiga 7 ming tonnani tashkil etadi. Majmua uchun zarur barcha konveyerlar Navoiy mashinasozlik zavodida tayyorlanib, ularni yig‘ish ishlari Zarafshon qurilish boshqarmasi, “Janubsanoatmontaj” aksionerlik jamiyati hamda Markaziy kon boshqarmasi mutaxassislari va ishchilari tomonidan amalga oshirildi. Yangi majmua “Muruntov” koni beshinchi navbatini o‘zlashtirishning boshlanishi, debochasidir.

Shuningdek, 2-gidrometallurgiya zavodining qayta ishlash majmuasi quvvatini oshirish maqsadida “Muruntov” koni tarkibida Chuqurquduq, Bessapantau, Balpantau va Tomdibuloq kabi yangi konlarni ochish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, investitsiya loyihalari va innovatsion g‘oyalarning ishlab chiqarishga dadil joriy etilayotgani hamda istiqbolli rejalarga mustahkam zamin yaratilayotganligi “Muruntov” koni jamoasi ishchi-xizmatchilari, barcha mehnat ahlida farovon hayotdan shukronalik, ertangi kunga ishonch ruhini uyg‘otishi tabiiy. Bu esa, hech shubhasiz, yangi, yuksak marralarni zabt etishda mustahkam zamin bo‘ladi.

Nizomiddin SADRIDDINOV,

NKMK “Konchilar hayoti” gazetasi muharriri

O‘zA