French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadimgi Quvadan topilgan siyohdonlarning siri nimada?
16:49 / 2025-10-10

Qadimshunoslik topilmalari shunchaki o‘tmishdan bir yodgorlik emas, balki ular yo‘qotilgan tamaddunlar tarixining noma’lum sahifalariga ochilgan darcha vazifasini o‘taydi. O‘tgan asrda qadimgi Quva shahri o‘rnida olib borilgan qazishmalar chog‘ida topilgan o‘rta asrlarga oid siyohdonlar ana shunday noyob, o‘z davri haqida katta ma’lumot beruvchi topilmalar sirasiga kiradi. Ushbu kichikkina buyumlar Farg‘ona vodiysining o‘rta asrlardagi madaniy va ilmiy salohiyati naqadar yuksak bo‘lganidan dalolat beradi.

Quva xarobalaridan aniqlangan siyohdonlar o‘zining xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Tadqiqotlar ularning XII–XIII asr boshlariga oid ekanini ko‘rsatadi va ular sopol, shisha, tosh va hatto metalldan yasalganini tasdiqlaydi. Bu esa o‘sha davrda nafaqat poytaxt shaharlarida, balki Farg‘ona kabi hududlarda ham hunarmandchilik yuksak darajada rivojlangani, turli materiallarga ishlov berish texnologiyalari puxta o‘zlashtirilganini anglatadi. Topilmalar orasida bir nechtasi o‘zining mukammal ishlangani va amaliy yechimi bilan alohida e’tiborni tortadi.

Qadimshunos I.Ahrorovning yozishicha, topilmalardan biri och sarg‘ish shishadan yasalgan bo‘lib, uning sirti kamalak ranglarida tovlanuvchi parda bilan qoplangan. Siyohdonning yuqori qismida aylana bo‘ylab gorizontal chiziq tortilgan va usta shisha ipini uzmasdan, darhol to‘lqinsimon naqsh yasashga o‘tgan. Bunday texnik murakkablik o‘sha davr shishasozlarining yuksak mahoratidan dalolat. Bunday siyohdonlar, ehtimol, turli ranglardagi siyohlar uchun mo‘ljallangan gips taglikka o‘rnatib ishlatilgan.

Ikkinchi, yanada mukammalroq siyohdon sopoldan ishlangan bo‘lib, ikki tomoni yashil-havorang sir bilan qoplangan. Uning shakli ikki tomondan bir-biriga qaratib qo‘yilgan konusga o‘xshaydi va kichik bo‘g‘iz qismi yuqoriga qarab kengayib boruvchi yassi gardish bilan tugallangan. Siyohdonning eng e’tiborli jihati uning bir yoniga qalamdon mahkamlanganidadir. Bu esa uning sohibi yozuv qurollarini o‘zi bilan birga olib yurganini ko‘rsatadi. Ushbu siyohdon belbog‘ga osib yurishga mo‘ljallangani uning naqadar amaliy va qulay bo‘lganini isbotlaydi. Kiyimga taqilganda qalamdon tiq holatda, siyohdon esa yonboshlagan holda turgan.

I.Ahrorovningma’lumot berishicha, bu topilmaning eng hayratlanarli siri uning ichida yashiringan. Siyohdon ichidan siyohga bo‘yalgan bir tutam xom ipak tolasi topilgan. Ipak tolasi siyohni o‘ziga shimib olib, uning belbog‘da olib yurilganda to‘kilib ketishining oldini olgan. Bu o‘rta asrlar hunarmandlarining nafaqat go‘zallik yaratish, balki murakkab amaliy yechimlarni ham topa olganini ko‘rsatuvchi yorqin misoldir. Bunday murakkab tuzilishga ega siyohdonlarning mavjudligi o‘rta asrlar jamiyatida savodxonlik, ilm-fan va ijod bilan shug‘ullanuvchilar qatlami keng bo‘lganini tasdiqlaydi. 

Shunday qilib, qadimgi Quvadan topilgan siyohdonlar shunchaki ro‘zg‘or buyumi emas, balki o‘z davrining yuksak madaniyati, ilmiy tafakkuri va hunarmandchilik salohiyatining yorqin timsolidir. Ushbu kichik yodgorliklar bugungi kunda bizga ajdodlarimizning bilimga intilishi va ijodiy ruhi naqadar kuchli bo‘lganini eslatib turadi va O‘zbekiston zamini azaldan ilm-ma’rifat markazlaridan biri bo‘lib kelganini yana bir bor isbotlaydi.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi,

O‘zA