Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadimgi noyob ko‘zalar boy o‘tmishimizdan sado beradi
18:02 / 2021-01-12

Termiz arxeologiya muzeyida “Surxon vohasi – O‘rta Osiyo kulolchiligi tamadduni” deb nomlangan noan’anaviy ko‘rgazma tashkil etildi.

Unda Surxondaryo vohasining qadimiy boy tarixini o‘zida mujassam etgan nafis va noyob sopol buyumlar o‘rin olgan.

Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida bugungi shiddatkor davrda vujudga kelgan tezkor, ko‘p jarayonli robotexnika, zamonaviy kompyuter va virtual tizimlar o‘tmishda ota-bobolarimiz yaratgan moddiy va madaniy boyliklar o‘rnini bosa olmasligi ta’kidlandi. Bu jarayonda ajdodlarimiz tomonidan miloddan avvalgi ikkinchi va birinchi ming yillik orasida barpo etilgan noyob sopollar ham o‘zining nafis va bejirimligi bilan dunyo ahlini lol etayotgani haqida fikr almashildi.

– Muzeyimizda turli davrlarga oid 104 ming dona arxeologik topilma mavjud, – deydi harakatdagi ko‘rgazmalar bo‘limi mudiri Rayxona Nuraliyeva. – Ularning 14 mingtasi sopol buyumlardir. Ushbu ko‘rgazmada esa 46 dona eng noyob ko‘za, xumdon, vaza singari qadimiy kulolchilik buyumlarini namoyish etmoqdamiz.

Vohaning turli arxeologik yodgorliklaridan topilgan kulolchilik buyumlari tomoshabinlarda boy taassurot uyg‘otdi. Ayniqsa, bronza davrida yuksak did bilan yasalgan nafis, bejirim xurmocha, ko‘za, qadah va boshqa sopol idishlar qadimgi xalq hunarmandchiligi taraqqiyot bosqichlarini yaqindan o‘rganishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

– O‘tmishda tuproqdan qo‘l kuchi bilan shunday nafis san’at asarlari, noyob buyumlar yaratilganiga qoyil qolmay iloj yo‘q, – deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov. 

– Ayni paytda xorijda ham vohaning qadimgi madaniyati, ilm-fani va rivojlanish bosqichlariga katta qiziqish bor. Aslida insonning o‘zi ham tuproqdan yaralgan. Shuningdek, o‘tmishda tuproqdan yasalgan bu buyumlar ham odamlar ehtiyoji uchun xizmat qilgan. Shu bois mazkur eksponat tarixdan so‘zlaydi. 

O‘tmishimizni bilish uchun qadimgi noyob kulolchilik buyumlarimizga, shu kabi ko‘rgazmalarga tez-tez murojaat etib turishimiz lozim. Bunday ko‘rgazmalar hududga sayyohlar qiziqishini oshirishda ham muhim o‘rin tutadi. Bu yerdagi eksponatlar tomoshabin sifatida mening tasavvurlarimni yanada boyitganidan mamnunman.

Tadbir doirasida mintaqamizda yagona bo‘lgan muzey fondida mavjud kulolchilik buyumlarining saqlanishiga oid qiziqarli videorolik namoyish etildi. Shu yerning o‘zida termizlik mohir kulollar ko‘rgazma ishtirokchilari uchun mahorat darslari tashkil etdi. Taniqli baxshi Muhammad Eshboyev ijro etgan diltortar termalar barchaga o‘zgacha zavq ulashdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA