.
Tashrifdan tashrifgacha
Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga keyingi yillardagi tashrifi vohaga qut-baraka, mehnatkash xalqiga kuch-quvvat, mehr-shijoat, bepoyon zaminiga fayz, yerosti va yer usti boyliklariga ilhombaxsh izlanish ulashmoqda. Yuz berayotgan yangilanishlar yurtni yanada obod qilib, barcha tarmoqlarni tubdan oʻzgartirayotir. Tashrifdan tashrifgacha boʻlgan davrda sodir boʻlayotgan yangiliklar yoshu keksaning faxr-iftixor tuygʻusini, chehrasida quvonch va shukronalik hissini kuchaytirmoqda.
[gallery-27862]
Prezidentimiz 2023-yil 16-17-noyabrdagi safari chogʻida viloyatda yaroqsiz holga kelib qolgan avtomobil yoʻlida yengil mashina boshqarib, yangi tayinlangan hokimga bergan topshiriqlariyu belgilangan boshqa vazifalar hamon davralarda yodga olinib, hududlarda qad rostlayotgan yangi ishlab chiqarish quvvatlari, koʻp qavatli turarjoy binolari, voha yoʻllarida amalga oshirilayotgan yirik bunyodkorlik ishlari samimiy gurunglarning bosh mavzuiga aylangani ham bunga yaqqol dalildir. Bu suhbatlarda “Darband-Denov” yoʻnalishidagi oʻnqir-choʻnqir boʻlib qolgan 4R105 avtomagistralida bunyod etilayotgan keng, ravon sement-beton qoplamali zamonaviy yoʻl ajdodlar orzusini roʻyobga chiqarayotgani iftixor bilan tilga olinadi. “4R105 Darband-Boysun-Elbayon” va “4R100 Manguzar-Jarqoʻrgʻon-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yoʻli hamda mahallalarning ichki yoʻllarida bajarilayotgan bunyodkorlik ishlari yoʻlovchilarning mushkulini oson, uzogʻini yaqin qilayotgani, yangi ishlab chiqarish quvvatlari aholi bandligini taʼminlashda, yangi turarjoy binolari odamlarning uy masalasini hal etishda muhim omil boʻlayotgani xususida fikr almashiladi.
Shu paytgacha boriga qanoat, yoʻgʻiga sabr qilib yashagan vohaning mard, tanti, fidoyi odamlari viloyatda soʻnggi yillarda yuz berayotgan yangilanishlardan faxr-iftixor hissini tuyayotganida chuqur maʼno bor. Zero, mustaqillikning dastlabki chorak asrida yuksalishga deyarli yuz tutmagan viloyat keyingi qisqa yillarda yangi qiyofada boʻy koʻrsatdi. Nafaqat voha qiyofasini, balki odamlar hayotini oʻzgartirayotgan bunday ulugʻ ishlar oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Prezidentimiz davlat rahbari lavozimiga kirishgan ilk yildan Surxondaryoga alohida eʼtibor bilan qaramoqda. Har bir tashrifi chogʻida aniq maqsadga yoʻnaltirilgan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari qabul qilinib, vohaning yerusti va yerosti boyliklarini shu yerning oʻzida qayta ishlash yoʻlga qoʻyilayotir. Yoʻllarni rekonstruksiya qilish, xizmatlar koʻrsatishni yuksaltirish, taʼlim-tibbiyot sohalarini rivojlantirish, uy-joylar barpo etish, aholining bandlik masalasini yechib, daromadini oshirish yuzasidan muhim topshiriqlar berilmoqda.
Bugun janubda qurilayotgan yirik sanoat korxonalari, koʻp qavatli koʻrkam uy-joy va zarur zamonaviy infratuzilmaga ega “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, keng, ravon yoʻllar, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihalari, tibbiyot, taʼlim, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi oʻzgarishlar shunchaki oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmayotir. Bularning barchasi ijtimoiy xalqparvar davlat qurish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar va katta sarmoya evaziga barpo etilmoqda.
[gallery-27861]
Prezidentimizning vohaga soʻnggi tashrifi chogʻida ham 118 banddan iborat muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Barcha soha va tarmoqlar qamrab olingan bu topshiriqlar negizida inson qadrini ulugʻlashdek ezgu gʻoya mujassam. Jumladan, viloyatda yerosti suvlari choʻkib, shoʻrlanishi yillar davomida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashni dolzarb masalalardan biriga aylantirgan edi. Davlatimiz rahbari gʻoyasi bilan bu muammoning yechimi topilib, “Toʻpalang” suv ombori suvidan foydalanish loyihasi qurilishi boshlandi. Oʻtgan tashrif chogʻida megaloyihada qurilish ishlarini yanada tezlashtirish, bosqichma-bosqich ishga tushirish, aholini minerallarga boy ichimlik suvi bilan taʼminlash topshirigʻi berilgach, qisqa vaqtda viloyatning oʻnta tumani va Termiz shahriga “Toʻpalang” suv omborining zilol suvi yetib keldi. 144 ta mahallada yashaydigan aholining ichimlik suvi taʼminoti tubdan oʻzgardi. Sifati oshirilib, qattiqlik darajasini ikki baravargacha kamaytirdi. Isteʼmolchilarni markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi oʻtgan yil boshidagi 65,3 foizdan 67,5 foizga yetdi. Joriy yilda megaloyiha toʻliq ishga tushgach, viloyatda 1 million 700 ming isteʼmolchi minerallarga boy suvdan bahramand boʻla boshlaydi.
Tashrif chogʻida Oʻzbekiston-Afgʻoniston chegarasida qurilayotgan mintaqamizda muqobili yoʻq “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasini toʻlaqonli ishga tushirish vazifasi ham topshirilgan edi. Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami arafasida foydalanishga qabul qilingan savdo zonasi oʻzbek-afgʻon xalqlarining doʻstlik koshonasiga, turli davlatlarning xalqaro muloqot maydoni va yirik savdo-sotiq markaziga aylandi. Oʻtgan davrda Afgʻoniston orqali 900 mingga, Oʻzbekiston tarafdan 500 mingga yaqin xorijlik va mahalliy aholi erkin savdo zonasiga kirib, xalqaro markaz bilan tanishdi, xizmatlaridan foydalandi. Nufuzli xalqaro anjumanlarda ishtirok etdi.
Termiz tumanida “Surxon sendvich” masʼuliyati cheklangan jamiyatining bazalt ishlab chiqarish loyihasi, Qumqoʻrgʻon tumanida “Qumtex invest” masʼuliyati cheklangan jamiyatining toʻqimachilik, Bandixon tumanida “Bandixon agroklaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatining sunʼiy va paxta tolasi aralashmasidan ip-kalava ishlab chiqarish fabrikalari singari yangi-yangi zamonaviy sanoat korxonalari ish boshladi. Modernizatsiya qilingan Shargʻun, yangi oʻzlashtirilgan Oltinsoy koʻmir konlari, “Xoʻjaikon” konida kaliy oʻgʻiti kabi yerosti boyliklaridan samarali foydalanish joriy etildi. Chorak asr yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatmay qolgan Sariosiyo aeroporti qayta tiklanib, mamlakatimiz poytaxtiga parvozlar yoʻlga qoʻyildi.
Turizmni rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor viloyatning sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanishga qulay muhit yaratdi. Soha yuksalishga yuz tutdi. Birgina oʻtgan yili 2 million 800 ming ichki va 850 mingdan ortiq xorijlik turist viloyatda boʻlib, muqaddas tarixiy obidalarini ziyorat qildi. Arxeologik yodgorliklar bilan tanishdi. Tibbiyot, gastronomik, agro, ekoturistik maskanlarida boʻldi. Sangardak, Omonxona, Xoʻjaikon, Xoʻjaipok, Xoʻjamayxona kabi soʻlim goʻshalarida hududlarning goʻzal tabiat manzaralaridan bahra oldi. Turistik xizmatlar eksporti 150 million dollarga yetdi.
Oʻtgan tashrif chogʻida Termiz shahar aholisi aziyat chekib keladigan “Afgʻon shamoli”, deya ataluvchi chang boʻronlari taʼsirini yumshatish yoʻllari belgilab berilgani ham surxondaryoliklarning shukronalik tuygʻusini mustahkamlamoqda. Shunga muvofiq qoʻshni davlat chegarasining shamol yoʻnalishi boʻylab “Yashil belbogʻ” himoya oʻrmonzorlari barpo etilayotgani eʼtiborga sazovor boʻlmoqda. Joriy yilning oʻzida Angor tumanida tanlab olingan 220 gektar yer maydonida, Qoraqir mahallasida mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻlining ikki tomoni boʻylab, adirlik hududidagi 100 gektar yerda iqlim va tuproq sharoitlariga mos mevali-manzarali daraxt koʻchatlari ekilib, tomchilatib sugʻorishga moslashgan yangi oʻrmonzor tashkil etilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bunday xayrli yumushlar tevarak-atrof musaffoligini saqlashga xizmat qilib, hududlarning ekologik barqarorligini taʼminlashda muhim oʻrin tutmoqda. Masalan, sunʼiy yoʻldosh monitoringlari va ochiq manbalar tahliliga koʻra, soʻnggi yillarda viloyat markazida ijobiy ekologik oʻzgarishlar kuzatilayotir. Shahar atrofida “yashil belbogʻ”larning yaratilishi changli boʻronlar miqdorini sezilarli darajada kamaytirmoqda. Vohada 2010-yil shamol tezligi 15 metr/sekund va undan yuqori boʻlgan kunlar 42, 2020-yil 45 kunni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan yil bu koʻrsatkich 28 kungacha kamaygani qayd etildi. Axir, bunday oʻzgarishlardan sevinmay, yangilanishlarga shukrona aytmay boʻladimi?
[gallery-27860]
Oʻtgan ikki yildan ortiq davrda qurilish, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar koʻrsatish, tibbiyot, ilm-fan, taʼlim va boshqa sohalar ham yangi bosqichda yuksalish odimlarini tashladi. Birgina oʻtgan yil sogʻliqni saqlash tizimida 75 ta birlamchi tibbiyot muassasasi qayta taʼmirlanib, 121 ta oilaviy poliklinika turli zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi. Kasalliklarni erta bosqichda aniqlash darajasi 50 foizga yetkazildi. Tibbiyot muassasalari toʻliq raqamlashtirilib, debit tizimiga ulandi. Natijada poliklinikalarga murojaatlar 20 foizga ortib, sogʻlom kontingent 43 foizdan 48 foizga yetdi. Tuman darajasida davolanish 92 foizni tashkil etib, viloyat markazi va poytaxtdagi shifoxonalarga murojaatlar 8 foizga kamaydi.
– Prezidentimiz qadimiy Surxonni zamonaviy yangi qiyofada qayta tiklamoqda, – deydi mashhur shifokor, Oʻzbekiston Qahramoni Rahmon Muhammadiyev. – Bu shunchaki balandparvoz gap emas, haqiqat! Hududda oʻtmishdan shaharsozlik, hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi, ilm-fan rivojlangan. Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Termiz madaniyatlar oʻrtasidagi muloqot markazi sifatida tanilgan. Xalqaro savdo aloqalarida muhim oʻrin tutgan. Hakim Termiziy, Somon Ashur Kokildor kabi ulugʻ zotlari tabobat ilmi bilan ham shugʻullangan. Maxsus maktablarda tabiblar tayyorlangan. Ular bemorlarni davolash bilan birga kasalliklardan saqlanish yoʻllarini oʻrgatgan. Bugun Termiz xalqaro muloqot va savdo markaziga aylanayotganiga, vohada boshqa tarmoqlar qatorida tibbiyot ham yuqori darajada rivojlanayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Tibbiyot institutini tashkil etish xalqimizning azaliy orzusi edi. Bu orzuimiz roʻyobga chiqdi. Endilikda yirik tibbiyot klasteri barpo etildi. Zamonaviy bu muassasada murakkab texnologik davolash muolajalari va jarrohlik amaliyotlarini, talabalarning amaliy mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun barcha sharoit mavjud. Xorijning eng soʻnggi tibbiy uskunalari bilan jihozlangan.
Yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan oqilona foydalanayotgan viloyat ahli oʻtgan yilni salmoqli yutuqlar bilan yakunlab, yalpi hududiy mahsulot hajmini 63,7 trillion soʻmga yetkazdi. Oʻsish 106,1 foizni tashkil etdi. Sanoat hajmi 109,3 foizga, xizmat koʻrsatish 114, qurilish pudrat ishlari 108,5, qishloq xoʻjaligi 103,8 foizga oʻsdi. Yirik sanoat korxonalari qariyb 30 taga, kichik korxonalar 4 ming 820 taga yetkazilib, 18,8 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqardi. 2,1 milliard dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Dunyoning 37 davlatiga 483 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.
Janubdagi vohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi faqat hududlarda emas, balki har bir xonadonda koʻzga tashlanmoqda. Xususan, bundan ikki yil avval viloyatning kambagʻallik darajasi 10,5 foizni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan yil yakuni bilan bu koʻrsatkich 4,5 foizga tushdi. Bu yil vohaning kambagʻallik darajasini 2,8 foizga tushirish, Angor, Denov, Jarqoʻrgʻon, Qiziriq, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahrini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish moʻljallanmoqda.
Joriy yilda yutuqlarni yanada mustahkamlashni rejalashtirib olgan surxondaryoliklar bu safargi tashrif chogʻida ilgari suriladigan yangi tashabbus va gʻoyalarni ahillik bilan roʻyobga chiqarishga, viloyatni bugungidan ham obod, fayzli, farovon goʻshaga aylantirishga bel bogʻlagan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA muxbirlari