Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qachon songa kiradi bu “Yerqo‘rg‘on”?
12:55 / 2024-03-04

Yo‘l-yo‘lakay

Ro‘zg‘orga bozor- uchar qilish uchun har galgidek Qarshi shahridagi yirik bozorlardan biri “Yerqurg‘on” oziq-ovqat dehqon bozoriga tushdim. Boisi katta bozor, mahsulotlar hartugul boshqa bozorlarga nisbatan arzonroq. Bozorga borishda yo‘l-yo‘lakay atrofni kuzatib, bir necha kun davomida yog‘gan yomg‘ir va qor yerlarni to‘yintirganining guvohi bo‘ldim. Bu dehqon va chorvadorlar tili bilan aytganda, baraka – mo‘l hosil, yaylovlarda o‘t-ulan, degani. 

Shu xayollar bilan bozorga keldim, ammo bozorning avtoturargohiga kirishim bilan hafsalam pir bo‘ldi. Hammayoq loy. Mashinada zo‘rg‘a kirib bordim. Amallab ichkariga kirdim. O‘zim bilan rezina etik olmaganimga pushaymon bo‘ldim. Qo‘limga ayolim yozib bergan mahsulotlar ro‘yxatini olib, loy kechib rastalarni aylandim. 

Ahvol juda achinarli edi. Shunday katta bozorda na sotuvchilar uchun, na xaridorlar uchun qulaylik bor. Ilgari ham necha bor shu mavzuni ko‘targanmiz, lekin ko‘rinadiki, bu tanqidlar bozor ma’muriyatiga zig‘ircha ham ta’sir qilmagan. Hamma narsa tartibsiz joylashtirib tashlangan. Yo‘laklarda xaridorlarga qo‘shilib, mashinalar ham kirib- chiqib ketmoqda. Ulgurji sotiladigan kartoshka, piyoz va hokazo mahsulotlar bozoriga etikda yurishga ham qiynalasan. Aftidan yog‘ingarchilik natijasida yig‘ilgan oqova suv hech qayerga chiqib ketmaydi. Yo‘qsa, buncha ko‘lmaklar hosil bo‘lmasdi. 

Sotuvchilarning aytishicha, 10 kundan buyon elektr ham o‘zib qo‘yilgan. Bunga sabab bozor ma’muriyatining elektr ta’minotidan katta qarzi bor, deydi ular.

Ichkarida joy yetarli bo‘lsa-da, “stoyanka”larning oldi, bozorga kirishda tartibsiz savdo qiluvchilar ko‘payib ketgan. Chunki loygarchilik bo‘lgandan keyin xaridorlar loy kechib ichkariga kirgisi kelmaydi. Buni anglagan sotuvchilar esa mahsulotlarini ko‘cha tomonga olib chiqishga majbur bo‘ladi. 

Tadbirkor Orif Inatovning ta’kidlashicha, bozor ma’muriyatiga oylik to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanadi, lekin har oyda bir hafta- o‘n kunlab elektr bo‘lmaydi. “Do‘konimiz oldini suv bosib ketganligidan xaridorlar kirmayapti”, deydi u. 

Xullas, bozorlikni amallab qilib bo‘lgach, quruqchilik paytigacha qaytib kelmaslikka qasam ichib, ortimga qaytdim.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri