Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qabul jarayonlariga tayyorgarlik qanday ketmoqda?
07:01 / 2021-06-04

Poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan 2021-2022 o‘quv yili qabul jarayonlariga tayyorgarlik yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi.

Muloqot doirasida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining qabulga tayyorgarlik, Call-markaz xizmati, ishchi guruh faoliyati, qabul bo‘yicha mas’ul operatorlarni tayyorlash yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga Agentlik direktori Hilola Umarova hamda qabul bo‘yicha mutaxassislar javob berishdi. Mazkur muloqot ota-onalar uchun onlayn tashkil etilib, ular ham yo‘llagan savollariga muloqot asnosida javob olishdi.

– Bizga ko‘proq “Farzandim viloyat yoki tumandagi maktabda o‘qiydi, poytaxtdagi Prezident maktabiga hujjat topshirsak bo‘ladimi?” mazmunida savol berishadi, –deydi Agentlik kirish imtihonlarini tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh raisi o‘rinbosari Sherzod Xudoyqulov. –Talabgor qaysi viloyatda o‘qiyotgan bo‘lsa, o‘sha viloyatdagi Prezident maktablariga hujjat topshirishi kerak bo‘ladi.

“Agar o‘quvchi xorijda o‘qiyotgan bo‘lsa, unda qaysi maktabga hujjat berishi mumkin?” kabi savolga Sh. Xudoyqulov “Bunday holatda o‘quvchi ota-onasining doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzili bo‘yicha ariza beradi” degan javobni berdi.

Shuningdek, muloqot jarayonida “O‘zbekistonda yashayotgan xorijiy fuqarolarning farzandlari ham hujjat topshirishi mumkinmi?” “Imkoniyati cheklangan bolalar ham o‘qishi mumkinmi, ularga sharoitlar yaratilganmi?” , “Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlari uchun imtiyozlar bormi?” kabi yo‘llangan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Toshkent shahridagi Prezident maktabida ingliz tili fanidan dars berayotgan buyuk britaniyalik Ann Belli xonim o‘zi saboq berayotgan o‘zbekistonlik bolalar juda ham zehni o‘tkir, bilimga chanqoq, kelgusida ulardan albatta munosib kadrlar yetishib chiqishiga ishonchi komil ekanini ta’kidladi.

Nigora Rahmonova, O‘zA