Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul jarayoni yakunlari va yangi o‘quv yilida amalga oshiriladigan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda prorektorlar, qabul komissiyasining tegishli mas’ullari, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida oliy o‘quv yurti rektori Alisher Ubbiyev yangi o‘quv yiliga qabul jarayoni yakunlari hamda ilmiy-pedagogik, innovatsion va o‘quv-tarbiyaviy yo‘nalishda amalga oshiriladigan kelgusi rejalar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, 2025-2026 o‘quv yili uchun institutda jami 26 ta kunduzgi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun 1 ming 660 o‘rin, 13 ta kechki bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun 360 o‘rin, shuningdek, 24 ta magistratura mutaxassisligi uchun 171 o‘rin ajratildi. Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun 8-11 iyul kunlari kasbiy (ijodiy) imtihonlar, 14-22 iyul kunlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun test imtihonlari belgilangan talablar asosida yuqori tashkilotchilik bilan o‘tkazildi. Shu bilan birga, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test imtihoni, texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarni, shuningdek, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha talabgorlarni suhbat asosida qabul qilish imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda institutda bakalavriatning kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida jami 13 ming nafarga yaqin talaba, magistratura mutaxassisliklarida 400 nafardan ortiq magistrant tahsil olmoqda. Ular uchun institutda jami 7 ming 350 o‘ringa mo‘ljallangan 9 ta o‘quv binosi va Ellikqal’a tumanida bitta fakultet, 2 ming 393 o‘rinlik talabalar turar joyi, yangi qurib bitkazilgan 300 o‘rinli futbol stadioni, 100 o‘rinli basketbol va voleybol maydoni, sport saroyi va sport majmuasi, 2 ta yopiq sport zali, 2 ta sun’iy qoplamali mini futbol va ochiq sport maydonchalari xizmat ko‘rsatmoqda.

Axborot-resurs markazi fondidan 180 mingga yaqin adabiyot o‘rin olgan bo‘lib, yangi nomdagi ilmiy va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash ishlari davom ettirilmoqda. Institutda talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash maqsadida biologiya, kimyo va fizika ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv laboratoriyalari, texnologik ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv-ustaxonalari faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim sohasida uzviylikni ta’minlash, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish, shuningdek, xalqaro tajriba asosida o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish maqsadida qabul qilingan “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni asosida respublikadagi 13 ta pedagogika oliy ta’lim muassasasi, jumladan, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti ham Maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga o‘tkazildi. Shu asosda institutning yangi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, institutda umumiy fakultetlar va kafedralar maqbullashtirilib, 7 ta fakultet va ular tarkibidagi 26 ta kafedra qayta tashkil etildi. Shuningdek, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor lavozimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Farmonga muvofiq, pedagogik ta’lim sohasining o‘quv dasturlarini xalqaro ta’lim dasturlariga mos ravishda takomillashtirish belgilangan edi. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, institutda o‘quv reja va o‘quv dasturlari Milliy malaka chegarasi, ta’limning xalqaro standart klassifikatori (MSKO-2011) va xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS) talablari asosida ishlab chiqildi.
Shuningdek, joriy o‘quv yilida institutning 2- va 3-kurs bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda magistratura mutaxassisliklarining o‘quv reja va dasturlari “TOP-300”talik reytingdagi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining rejalariga mos qilib ishlab chiqildi. Ular orasida Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti, L. N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Qozon federal universiteti va Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti, Turkiyaning Yaqin Sharq texnika universiteti hamda Avstraliyaning Sidney universiteti bor. Shu orqali institutda ta’lim sifatini oshirish va xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bosh maqsad qilib belgilangan.
Ayni paytda institutda 560 nafardan ortiq tajribali professor-o‘qituvchi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, yangi o‘quv yilida ilmiy-innovatsion yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yil yakuniga qadar ilmiy salohiyat ko‘rsatkichini 43,5 foizdan 50 foizga yetkazish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirib borish, xalqaro hamkorlik samaradorligini yanada oshirish, ilmiy-innovatsion ishlarni xalqaro grantlar va jamg‘armalar hisobidan moliyalashtirish uchun aniq maqsadlar belgilangan.
Shu bilan birga, institutda yangi o‘quv yili davomida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ayniqsa, kitobxonlik, intellektual tadbirlar, shuningdek, sport-sog‘lomlashtirish musobaqalarini muntazam tashkil etish orqali yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kelajak egalarini vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javob olishdi. Shuningdek, yangi o‘quv yili davomida amalga oshiriladigan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish borasida hamkorlikni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri