Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qabul-2020: yolgʻon vaʼdalarga aldanib qolmang!
12:30 / 2020-07-06

Bugungi kunda oliy taʼlimdagi islohotlar tufayli sohada korrupsiyani tomiri bilan yoʻq qilishga kirishildi.


Bugungi kunda oliy taʼlimdagi islohotlar tufayli sohada korrupsiyani tomiri bilan yoʻq qilishga kirishildi. Biz barchamiz korrupsiyadan xoli davlat va jamiyatni orzu qilyapmiz. Guvohi boʻldikki, poraxoʻrlik, qalloblik taʼlimning yoqasidan tutib olgan edi. Shuning oqibatida yana qanchadan-qancha sohalar bir-biriga korrupsion zanjir bilan bogʻlanib ketdi. Bu zanjir esa butun bir avlodning kelajagini poymol qilmasidan avval uni parchalab yuborish – hozirgi eng dolzarb masalalardan biridir.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida boʻlib oʻtadigan har bir ilmiy kengash, har bir ishlab chiqarish yigʻilishida korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik, nafaqat taʼlimning, avvalo, oʻzimizning kelajagimizga bolta urmaslik haqida soʻz yuritildi, qabul hamda yakuniy imtihonlar jarayoni rahbariyat tomonidan jiddiy nazoratga olinadi. Talabadan biror nima olish tugul, shunga shamaʼ qilgan “pedagog” darhol ishdan chetlatiladi. Universitet rektori va talabalar oʻrtasida hech qanday “devor” yoʻqligi, 24 soat “Telegram” va telefon murojaatlarida oʻzaro muloqotning doimiyligini barcha talabalar tasdiqlaydi. Poraxoʻrlik, taʼlim sifatiga oid har qanday muammo yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri rektorga murojaat qilish mumkinligi va masalaning darhol hal qilinishi taʼlim dargohida har bir jarayon shaffof va adolatli tarzda oʻtishini taʼminlayotgan edi. Ammo yaqinda OAVda eʼlon qilingan xabar universitetni korrupsiyadan xoli hududga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlariga soya soldi.

Gap shundaki, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi va Yakkasaroy tuman boʻlimi xodimlari, tuman prokuraturasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda bir “pedagog”ning jinoyati fosh etildi. OAVda Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻqituvchisi deb tanishtirilgan Y.H. murojaat muallifi Roʻziboyevadan oʻzining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Chirchiq davlat pedagogika institutiga oʻqishga olib kirib qoʻyish evaziga 4000 (toʻrt ming) AQSH dollari talab qilib, shundan 3000 (uch ming) dollarini olayotgan paytda qoʻlga olingan.

Shuni taʼkidlash kerakki, Y.H. ushbu voqea sodir boʻlishidan avvalroq universitetdan ishdan boʻshab ketgan. Shuningdek, u ToshDOʻTAUga emas, Chirchiq davlat pedagogika institutiga kiritishni vaʼda qilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qabul jarayonlarida bundan keyin ham korrupsiyaga yoʻl qoʻyilmasligiga, barchasi haqqoniy va adolatli oʻtishiga kafolat beradi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti butun respublikamiz boʻylab til va adabiyot taʼlimini yangi bosqichga koʻtarish, bilimli, malakali kadrlarni tayyorlashni maqsad qilgan. Oliygoh bu maqsad yoʻlida ogʻishmay harakat qilishda, universitet obroʻsiga putur yetkazadigan xatti-harakatlarga chek qoʻyishda davom etadi.

Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU Matbuot xizmati