Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qabul-2020: 8660 chet tili sertifikatining 581 tasi talabga javob bermadi
07:44 / 2020-08-14

Chet tilini bilish darajasini koʻrsatuvchi xalqaro sertifikatlarning haqiqiy yoki soxta ekanini tekshirishning bir nechta usullari mavjud.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun milliy yoki xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori boʻlgan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi.

Bundan tashqari, 2019-yilgacha Davlat test markazi tomonidan berilgan milliy sertifikatning amal qilish muddati saqlab qolinishi ham qarorda koʻzda tutilgan.

Bu degani 2019-yilga qadar Davlat test markazi tomonidan berilgan B1 darajadagi milliy sertifikat (amal qilish muddati tugamagan boʻlsa) ham abituriyentga kirish imtihonida imtiyoz berishi mumkin.

Bunda istisnoli holatlar ham mavjud, yaʼni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti 2019-yildan oldingi B1 sertifikatlarini (amal qilish muddati tugamagan boʻlsa ham), Toshkent davlat yuridik universiteti esa yozish (writing) koʻnikmasi 5.5 balldan past IELTS sertifikatlarini qabul qilmaydi.

Davlat test markazi tomonidan ushbu sertifikatlarning haqiqiyligi tekshiriladi va tasdiqlanadi.

Chet tilini bilish darajasini koʻrsatuvchi xalqaro sertifikatlarning haqiqiy yoki soxta ekanini tekshirishning bir nechta usullari mavjud. Xalqaro sertifikatlarning haqiqiyligini tekshirish chet tilini bilish darajasini koʻrsatuvchi sertifikatlarni taqdim etuvchi davlatlarning qonunchiligi va uni beruvchi tashkilot siyosatiga qarab turlicha amalga oshiriladi.

Milliy sertifikat (Davlat test markazi), HSK (xitoy tili) kabi test tizimlarining rasmiy veb-saytida sertifikatni tekshirish imkoniyati mavjud.

Ayrim test tizimlari IELTS – Britaniya Kengashi, FCE – Cambridge assesment tashkiloti, TOEFL IBT – Educational Testing Service tashkiloti, TestDAF – TestDAF instituti, Goethe Zertifikat – Gyote instituti bilan Davlat test markazi oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Mazkur hamkorlik doirasida sertifikatlarni tekshirish boʻyicha tomonlarning kelishuvi mavjud.

Bevosita jarayonga toʻxtaladigan boʻlsak, chet tillaridan sertifikatga ega abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishda sertifikat qaysi chet tilidan berilganligi, sertifikat turi, tilni bilish darajasi, hujjat seriyasi va raqami, sertifikat berilgan sana va sertifikat rasmini tizimga kiritadi. Mazkur maʼlumotlarning barchasi sertifikatlarni tekshirishda juda muhim.

Abituriyentlarni roʻyxatga olish davomida Davlat test markazi tomonidan sertifikatlarning haqiqiyligi tekshirib borildi va ularga 3 xil – sertifikat dasturga kiritilganda – “Tekshirilmoqda”, sertifikatning haqiqiyligi va imtiyoz berish uchun talabga javob berishi aniqlanganda – “Tasdiqlandi”, sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmasa yoki imtiyoz berish uchun talabga javob bermasa – “Tasdiqlanmadi”, degan javob berildi. Bunda sertifikat tasdiqlanmagani sababi ham keltiriladi.

Umuman olganda, 20-iyundan 20-iyulga qadar roʻyxatdan oʻtish davomida abituriyentlar tomonidan 8660 hujjat chet tili sertifikati sifatida dasturga kiritildi.

Bularning barchasi Davlat test markazi tomonidan tekshirildi va 8079 sertifikat oʻz tasdigʻini topdi. 581 sertifikatning esa talabga javob bermasligi aniqlandi.

Bunda, 200 sertifikatda tilni bilish darajasi B2 dan past ekanligi, 117 sertifikat milliy yoki xalqaro imtihon tizimlaridan olinmaganligi (oʻquv markazlari tomonidan berilgan yoki xalqaro boʻlmagan sertifikatlar), 69 sertifikatda amal qilish muddati tugaganligi, 7 holatda sertifikatlarning haqiqiy emasligi, 9 tasida sertifikat boshqa shaxsga tegishli ekanligi va boshqa holatlar aniqlandi.

Joriy yilda oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlarida chet tilidan imtiyozi mavjud abituriyentlar bitta fandan test topshiradi va ularga test yechish uchun bir soat vaqt ajratiladi.

Test sinovlarida test topshirish vaqti farq qiladigan abituriyentlar alohida guruhlanadi va ular bir-biriga xalaqit bermaydi.

Sardor Rajabov,
Davlat test markazi direktori oʻrinbosari