Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qabristonlar obodonlashtirilmoqda
14:41 / 2025-03-02

Surxondaryo viloyatida muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlar obodonlashtirilib, tartibga keltirilmoqda.

Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan hashar muqaddas oyda marhumlarning ruhi pokini aziz tutib, ularni yod etishga, muqaddas qadamjolarni saranjom-sarishta saqlashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.  

Angor tumanining Qorabog‘ mahallasidagi Said ibn Abu Vaqqos ota qabristonida tashkil etilgan hasharda ham hududdagi ko‘ngilli yoshu keksa faol ishtirok etib, tevarak-atrofni tartibga keltirdi. Begona o‘t va xashaklardan tozalandi. Yo‘laklarni tekislab, beton qoplamalari yotqizishga kirishildi.

– Tumanda 13 ta qabriston mavjud, – deydi Angor tumani hokimligining axborot xizmati rahbari Gavhar Jumayeva. – Ularda o‘tkazilayotgan hashar Muqaddas Ramazon oyida xalqimizning azaliy qadriyatlarini yanada kengroq bo‘y ko‘rsattirib, ozodalik, poklik va hamjihatlik kabi fazilatlarini keng namoyon etmoqda. Ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan bu go‘shalarni obodonlashtirishga qaratilayotgan e’tibor ana shunday ezgu xislatlarimiz samarasi, marhumlarga hurmat belgisidir.  

Avval xabar berganimizdek, yaqinda Surxondaryo viloyatidan saylangan Senatorlar, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari, hokimliklar, mahallalar faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari, tadbirkorlar hamda agroklaster rahbarlari voha aholisiga murojaat etib, joriy yilda viloyatning har bir go‘shasini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish tashabbusi bilan chiqqan edi. Murojaatda, jumladan, vohadagi muqaddas ziyoratgoh va qabristonlarni tartibga keltirish, mavjud 724 ta mahallani obod maskanga aylantirish, 11 ming 157 ta ko‘chada “Obod ko‘cha”, 720 ming 149 ta xonadon va 531 ming 110 ta oilada “Obod xonadon” mezonlarini joriy etish, 19 ming 816 ta boquvchisini yo‘qotgan oila, 366 nafar yolg‘iz keksa, 80 ming 709 ta kam ta’minlangan oila xonadonini hashar yo‘li bilan obodonlashtirish tashabbusi ilgari surildi.

Mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan keng jamoatchilik vakillari ezgulik, saxovat va barokat oyida bunday ezgu ishni uyushqoqlik bilan davom ettirmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri