Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qabriston obodligi – yurt obodligidan darak
19:20 / 2021-03-31

Toshkent shahar hokimligi tomonidan Olmazor tumanidagi Teshik qopqoq qabristoniga press-tur uyushtirildi.

Toshkent shahrida 80 ga yaqin qabriston bo‘lib, ularni ta’mirlash va obod qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Toshkent shahar hokimining tegishli qarori bilan Teshik qopqoq qabristonida bugungi kunda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

– Qabristonni obod saqlash zarurligi muqaddas dinimizda aytib o‘tilgan, – deydi Olmazor tumandagi «Mevazor» jome masjidi imom xatibi Rahimjon domla. – Teshik qopqoq qabristonida bo‘layotgan bunyodkorlik ishlari bizni mamnun etmoqda. O‘nlab ustalarimiz ishlab turibdi, ularning ortida turgan homiylarimiz, shahar hokimligi va rahbarlarimiz savobga qolmoqda. Masjid, qabristonni obod qilishdan, beva-bechoraning, yetimning ko‘nglini olishdek savobli ish yo‘q olamda. Odamlar hashamatli uy, baland dala-hovlilar quradi. Loaqal ota-onasi yotgan qabristonni obod qilishga hissa qo‘shmaydi. Odamlarni bag‘ri keng bo‘lishga chaqirardim.

– Go‘rkovlik ota-bobomdan qolgan kasb, – deydi Teshik qopqoq qabristoni go‘rkovi To‘xtavoy Usmonov. – Bu ishning ortidan keladigan savob va rahmatlar meni shu kasbni davom ettirishga undadi. Qabristonda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib turadi. Avval mozor hududi paxsa devor bilan o‘ralgandi. Keyinchalik yog‘och to‘siqlar o‘rnatildi. Ular olib tashlanib, temir to‘siqlar bilan to‘sildi. U to‘siqlar juda past edi. Hozir chetki tomoni baland va hashamdor devor bilan o‘ralyapti. Ichki tomonda ham bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Teshik qopqoq qabristonida 1970 yildan boshlab (shu yildan boshlab marhumlar ro‘yxatga olina boshlangan) o‘n yarim mingdan oshiqroq marhum ko‘milgan. Shundan bor-yo‘g‘i 25 tasining doimiy kelib, u yoq, bu yog‘iga qarab qo‘yadigan qarovchisi yo‘q. Masjidda faoliyat yuritayotgan go‘rkovlar, obodonlashtirish xodimlari ularni nazoratiga olgan.

Qabriston 9 gektarga yaqin maydonni o‘z ichiga oladi. Uni tashqi tomondan o‘rab turuvchi to‘rt yarim metrli devor 9 mayga qadar qurib bitkazilishi, atrofga gullar ekilib, obod qilinishi rejalashtirilgan. Keyinchalik esa qabristonning ichki qismidagi yo‘laklar qayta ta’mirlanishi, o‘rindiqlar almashtirilishi va hududda kichik favvoralar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hamid G‘ulom, O‘zbekiston xalq shoiri Po‘lat Mo‘min, yozuvchi Hojakbar Shayxov, O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov kabi ko‘plab san’at va fan arboblari ushbu qabristonda mangu qo‘nim topgan.

Press-tur davomida OAV vakillari hududdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

D.Mamatova, O‘zA