French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
PZR laboratoriyasi ayollarda bachadon bo‘yni saratonini oldini olishga xizmat qiladi
17:07 / 2022-07-23

Samarqandda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti, Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) hamda Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Respublika hududlarida odam papillomasi virusini aholi o‘rtasida tarqalganligini tekshirish va diagnostikasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot o‘tkazish masalalari bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbir doirasida dastlab matbuot anjumani o‘tkazilib, unda viloyat tibbiyoti mas’ullari, tibbiy xodimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillariga loyihaning mazmun-mohiyati, uning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. 

– Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 604  mingdan ziyod ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi, – deydi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori Erkin Musabayev. – Shundan 342 ming nafari ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va eng keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. O‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni tufayli o‘limdan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Tug‘ish yoshidagi ayollar (15-44 yosh) orasida bachadon saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Shu bois, koreyalik hamkorlar bilan ushbu xastaliklarning oldini olish borasida pilot loyihani amalga oshiryapmiz.  Xastalik qancha erta aniqlansa, uni davolash, oldini olish imkoniyati shuncha oshadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bachadon bo‘yni saratonini keltirib chiqaruvchi asosiy omil odam papilloma virusi (OPV) hisoblanadi. Shuningdek, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar ham bunga sabab bo‘lishi mumkin. 21-30 yoshdagi yoshlarning 80 foizida bunday viruslar uchraydi. Virusning bachadonda uzoq vaqt bo‘lishi saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Bachadon bo‘yni saratoni to‘liq oldini olish mumkin bo‘lgan yagona saraton kasallikdir. 

Shu maqsadda Prezidentimizning 2017 yil 4 apreldagi qarori bilan “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish” Dasturi tasdiqlangan. Ushbu Dasturda onkologik kasalliklar profilaktikasi va skrining tekshiruvlari o‘tkazish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning yagona ma’lumotlar bazasini (kanser-registr) shakllantirish, saraton kasalligi profilaktikasining  samarali dasturlarini ishlab chiqish bilan epidemiologik vaziyatni monitoring qilish belgilangan. 

[gallery-8014]

Epidemiologik vaziyat monitoringini olib borish maqsadida Virusologiya ilmiy tekshirish instituti va  KOFIH jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Respublika hududlarida, jumladan Toshkent shahri, Samarqand va Andijon viloyatlari ayollari o‘rtasida odam papilloma virusini aniqlash va bachadon bo‘yni saratoni kasalligi diagnostikasi bo‘yicha imkoniyatlarni takomillashtirish” mavzusida amalga oshirilayotgan investitsion pilot loyiha ushbu vazifalar ijrosiga qaratilgan.

Tadbir doirasida Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi homiyligida Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasida tashkil etilgan polimeraza zanjirli reaksiya (PZR) laboratoriyasi foydalanishga topshirildi. Eng so‘nggi rusumdagi laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan laboratoriyada fertil yoshidagi ayollar bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

– Hamkorlik loyihamizni Samarqandda davom ettirayotganimizdan mamnunmiz, – deydi Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasining (KOFIH)  O‘zbekistondagi vakili Kim Heyeun. – Samarqanddagi iliq munosabat bizni boshlagan ishimizning yanada samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi ayollar o‘rtasida odam papilloma virusi keltirib chiqaradigan kasalliklarni erta aniqlash orqali saraton kasalligining oldini olish va OPVning yuqori onkogen turlarini fertil yoshdagi ayollar o‘rtasida tarqalish foizini aniqlashdan iborat. Samarqandda tashkil etilgan PZR laboratoriyasi O‘zbekistondagi uchinchi maxsus laboratoriya hisoblanadi. Mazkur loyihamiz O‘zbekistonda 3 yil mobaynida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. O‘ylaymanki, ushbu davrda loyihamiz orqali ko‘plab ayollarning salomatligini mustahkamlab, ularning sog‘lom hayot kechirishlarini ta’minlashga hissa qo‘shamiz. 
Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi laboratoriya bo‘lim mudiri Intizor Rahmonovaning ta’kidlashicha, ushbu laboratoriya Samarqand shahridagi markaziy poliklinika va 4 ta oilaviy poliklinika bilan bevosita skrining tekshiruvlarini amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. Bunda poliklinikalarda olingan tahlil namunalari PZR laboratoriyaga jo‘natiladi. O‘tkazilgan tahlil natijalari poliklinikalarga onlayn jo‘natilib, virus aniqlangan ayollarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, xastalikni oldini olish, davolash va boshqa zarur choralar ko‘riladi.

G‘.Hasanov, 
A.Isroilov (surat), O‘zA