French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pxenyanning “abadiy diplomati” 97 yoshida olamdan o‘tdi
10:43 / 2025-11-04

Shimoliy Koreyada uch avlod – Kim Il Sung, Kim Jong Il va Kim Jong Un davrida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan siyosiy arbob Kim Yong Nam 97 yoshida vafot etdi. KCNA xabariga ko‘ra, u 3 noyabr kuni tananing bir necha a’zosi faoliyati yetishmovchiligi sabab hayotdan ko‘z yumgan.

Marhum 1998-2019 yillar davomida Oliy xalq majlisi prezidiumi raisi sifatida mamlakatning marosimiy davlat rahbari vazifasini bajargan. KXDRning eng uzoq muddat xizmat qilgan diplomatlaridan biri hisoblanadigan Kim Yong Nam xalqaro maydonda ko‘pincha rejimning “yuzi” sifatida ko‘ringan.

O‘tgan asr 50-yillarida tashqi siyosat tizimiga kirib kelgan mazkur siyosatchi keyinchalik tashqi ishlar vazirligida rahbarlik qilgan, Janubiy Koreyaning uch Prezidenti bilan tarixiy uchrashuvlarda qatnashgan. Jumladan, 2018 yilgi Qishki Olimpiadada Pxenyan delegatsiyasiga boshchilik qilgan.

KCNA yozishicha, u “partiya va davlat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan arbob” deya e’lon qilindi. Rejimga sodiqligi bilan tanilgan Kim Yong Nam obro‘li amaldorlar orasida hukmron Kimlar sulolasiga qarshi chiqmagan kam sonli shaxslardan biri. U hech qachon lavozimidan chetlatilmagan va 2019 yil nafaqaga chiqqan.

Musulmon Ziyo, O‘zA