Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pxenyan AQSHga “qo‘l cho‘zdi”, Seulga eshikni yopdi
14:14 / 2026-02-26

Shimoliy Koreya AQSH bilan muloqot eshigi yopilmaganiga urg‘u berib, Seulga nisbatan keskin pozitsiya yanada kuchaytirilishini ta’kidladi. Mehnat partiyasining bir haftalik qurultoyi yakunida Kim Chen In “AQSH bilan til topishishga to‘siq yo‘q” deya bayonot berdi.

Shu bilan birga dastlab Vashington Pxenyanga nisbatan “dushmanlik siyosatidan” voz kechishi shartligini takrorladi. Bu haqda O‘zA hamkori “Yonhap” xabar bergan.

Kim ishlatgan “Davlatimizning Konstitutsiyada belgilangan hozirgi maqomi” iborasida KXDRning yadroviy davlat sifatida tan olinish talabiga ishora bordek. Zero, yetakchi denuklearizatsiyadan voz kechilsa, muzokara uchun zamin yaratilishini avval ham ta’kidlagan. Endi esa Pxenyan “tinch hamjihatlik yoki abadiy qarama-qarshilik” tanlovi AQSHning qo‘lida ekanini bildirdi.

Mutaxassislar bu bayonot Prezident Donald Trampning Xitoyga bo‘lajak tashrifi arafasida o‘ziga xos ogohlantirish sifatida yangraganiga e’tibor qaratgan. Ya’ni, Pxenyan yadro va raketa dasturini takomillashtirmoqda, Moskva bilan ham yaqinlashmoqda. Shu orqali muzokara davrasiga kuchliroq maqom bilan kirib borishni maqsad qilgan.

Janubiy Koreyaga nisbatan qarash esa butunlay boshqacha. Kim ikki Koreya munosabatini “dushmanona davlatlararo aloqa” deya ta’riflab, biror muloqot ehtimolini inkor etdi. Seul hukumatining yarashish siyosatini “aldov” atab, janubni “abadiy dushman” o‘rnida ko‘rishini ochiq aytdi.

Tahlilchilar fikricha, bunday yondashuv KXDRning AQSH bilan munosabatni mustaqil olib borish istagini namoyon qiladi. Pxenyan Vashington bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashishni afzal bilib, Seulni chetga suryapti. Ayni qadam Koreya yarim orolidagi diplomatik muvozanat yanada noziklashishi ehtimolidan darak.

Musulmon Ziyo, O‘zA