Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Puxta tadorik – muvaffaqiyat omili
17:38 / 2015-04-08

“Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin”, degan maqolni kim o‘ylab topganu birinchi bo‘lib kimga, qachon va qayerda aytilgani haqida bir nima deyish qiyin. Ammo har safar shu maqolni eshitganimda, Bo‘ka tumanidan Sevara Farmonova ko‘z oldimga kelaveradi.

“Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin”, degan maqolni kim o‘ylab topganu birinchi bo‘lib kimga, qachon va qayerda aytilgani haqida bir nima deyish qiyin. Ammo har safar shu maqolni eshitganimda, Bo‘ka tumanidan Sevara Farmonova ko‘z oldimga kelaveradi.

Sevara opa ipak qurti parvarishlaydi. Bunga ham roppa-rosa yigirma yil bo‘ldi. Dastlabki ishini o‘zimizning mahalliy ipak qurti parvarishidan boshlagan pillakor keyinchalik, pillasidan yengil sanoatda xomashyo sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan Xitoy emani hamda Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan aylant daraxti ipak qurtlarini boqishning o‘ziga xos “texnologiyasi”ni miridan-sirigacha o‘rganib oldi.

Tumanning qo‘shni davlat bilan chegaradosh O‘zbekiston qishlog‘ida istiqomat qiluvchi S.Farmonova har yili shartnoma majburiyatlarini Toshkent viloyatida birinchilardan bo‘lib bajaradi. Uning ilg‘or pillakor sifatida shuhrat qozongani, ko‘pchilikning hurmat va ehtiromiga sazovor bo‘lgani zamirida ana shunday betinim izlanish, mashaqqatli mehnat mujassam.

Joriy mavsumda uch quti ipak qurtidan qariyb 300 kilogramm pilla olishni maqsad qilgan pillakor ayni paytda hovli biqinidagi bostirmani tartibga keltirmoqda.

– Bu yerda ipak qurtini parvarishlab, ipakchilik sanoati uchun muhim bo‘lgan pilla tayyorlab beramiz, – deydi opa. – Uzog‘i bilan bir oy davom etadigan mazkur jarayonda pillakordan alohida mas’uliyat va jiddiy e’tibor talab etiladi. Boisi, tolaning oz yoki ko‘p chiqishi pilla sifatiga ham bog‘liq-da. Qurt o‘zidan fibrion, seritsin, pigment kabi yopishqoq moddalardan iborat ipak chiqarib, o‘z tanasi atrofida ustma-ust, 40 qavatgacha pilla o‘raydi. Shu va boshqa tabiiy yumushlar bitgach, darhol mutaxassislarga topshiramiz. Qolgan ishlarni pilla chuvishga mo‘ljallangan korxonalar o‘z zimmasiga oladi. Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli uy sharoitida ham mo‘may daromad topish imkoniga ega bo‘lmoqdamiz.

Pillakor haq. Davlatimiz tomonidan agrar soha ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida ipakchilik sanoati uchun qimmatbaho xomashyo yetkazib beradigan muhim bo‘g‘inlardan biri – pillachilik ham jadal rivojlanmoqda.

Prezidentimizning 2006-yil 15-noyabrdagi “Respublika pillachilik tarmog‘ini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida pillaning yangi navlari yaratilib, ipak tolasining sifati xalqaro standartlar darajasiga olib chiqildi. Uni zamonaviy bozor tamoyillari asosida sotish, qayta ishlash jarayonini isloh qilish ustuvor vazifa etib belgilangani soha muvaffaqiyatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. 

Toshkent viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda 27 ming 250 quti ipak qurti parvarishlab, ikki ming tonnaga yaqin pilla yetishtirish, bir million tup tut ko‘chati ekish hamda 90 gektar maydonda yangi tutzorlar barpo qilish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda bu boradagi ishlar belgilangan tartibda olib borilayotir.

Xususan, joylardagi pilla tayyorlov korxonalari uch mingdan ziyod fermer xo‘jaligi hamda 18 mingdan ortiq pillakor bilan kontraktatsiya va ichki mehnat shartnomalarini imzoladi. Ipak qurti urug‘ini jonlantirish uchun tanlangan 273 inkubatoriya to‘liq ta’mirlanib, dezinfeksiya qilindi.

Mavsumning betalafot o‘tishini ta’minlash maqsadida hududlarga soha mutaxassislarini biriktirish, qurtxonalarni tayyorlash, ularni yetarli miqdordagi to‘shama qog‘oz, termometr, psixrometr va boshqa moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash va jihozlash ishlari davom ettirilmoqda.

– Bu yilgi mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti, viloyat hokimligi, adliya boshqarmasi, “Toshkentpaxtasanoat” birlashmasi va jamiyatimiz mutaxassislari ishtirokida joylarda o‘quv seminarlari tashkil etildi, – deydi viloyat “Pilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari vazifasini bajaruvchi A.Ismoilov. – Ayni kunlarda tegishli idoralar tuman pilla tayyorlov korxonalari bilan o‘zaro shartnomalar tuzib, belgilangan miqdordagi mablag‘ni fermer xo‘jaliklariga bo‘nak hamda moddiy-texnik resurslarni berishga yo‘naltirmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, tutzorlar pillachilikning muhim ozuqa manbai hisoblanadi. Shuning uchun, tutzorlarga vaqti-vaqti bilan ishlov berish, tut qator oralarini haydash, zarur mineral o‘g‘itlar bilan tez-tez sug‘orib turish muhim vazifadir.

Buni yaxshi bilgan mutasaddilar, pilla ozuqa bazasini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida mavjud 5 million 719 ming dona yakka tartibdagi tut daraxti va uch ming gektardan ziyod tutzor tartibga keltirildi. 292 ming tup yangi tut ko‘chati ekildi. Bekobod tumanida 20 gektar yangi tutzor barpo etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir tonna pilladan 350 kilogramm ipak, 20 ming metr adras, 13 ming metr atlas olish, umuman, pilla tolasidan o‘nlab turdagi mahsulot tayyorlash mumkin. Bu, ushbu qimmatbaho xomashyo iqtisodiyotimizning yanada taraqqiy etishi, shahar va qishloqlarimiz obodligi, xalqimiz farovonligini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etadi, deganidir.