Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Puxta o‘ylanmasdan olingan kredit sizga ortiqcha yuk bo‘ladi
11:08 / 2026-01-31

Ipoteka bank kreditlash masalasida mas’uliyatli va ongli yondashuvni targ‘ib etishga qaratilgan yangi tashabbusini e’lon qildi.

Bank ta’kidlashicha, kreditning o‘zi muammo emas — u muayyan vaziyatda tezkor yechim bo‘lishi mumkin. Biroq kredit puxta o‘ylab ko‘rilmasdan, hisob-kitobsiz va oqibatlari inobatga olinmasdan rasmiylashtirilsa, u ortiqcha moliyaviy yuk va uzoq muddatli qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar kredit olishdan avval, avvalo, shaxsiy byudjetni xolis baholash zarurligini qayd etishadi. Buning uchun barcha doimiy daromadlar va majburiy xarajatlar — ijara, kommunal to‘lovlar, oziq-ovqat, transport, aloqa va boshqa muntazam sarflar hisoblab chiqilishi lozim. Shundan keyingina har oy erkin foydalanish mumkin bo‘lgan mablag‘ miqdorini aniq belgilash mumkin bo‘ladi.

Tavsiya etilishicha, qarzlar bo‘yicha oylik to‘lovlar umumiy barqaror daromadning 30–40 foizidan oshmasligi kerak. Aks holda, ish haqi kechikishi, sog‘liq bilan bog‘liq kutilmagan xarajatlar yoki shoshilinch ta’mirlash ishlari moliyaviy barqarorlikni izdan chiqarishi mumkin.

Agar fuqaroning allaqachon mavjud kredit majburiyatlari bo‘lsa, yangi kredit rasmiylashtirishdan oldin ularning muddati va foiz stavkalari sinchiklab tahlil qilinishi zarur. Ayrim holatlarda yangi qarz olishdan ko‘ra, mavjud majburiyatlarni tartibga solish yoki qayta moliyalashtirish ancha maqsadga muvofiq bo‘lishi mumkin.

Bank mutaxassislari keng tarqalgan xatolardan biri sifatida kreditni faqat oylik to‘lov miqdoriga qarab baholashni ko‘rsatishadi. To‘lov qulay ko‘ringani bilan, uzoq muddatli kreditlar ortiqcha to‘lovning sezilarli darajada oshishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli kreditning yakuniy qiymati va bankka qaytariladigan umumiy summa har doim oldindan solishtirib chiqilishi lozim.

Shuningdek, kredit doimiy pul yetishmovchiligini yopish vositasi sifatida qaralmasligi kerakligi alohida ta’kidlanadi. Agar mablag‘ asosiy ehtiyojlarni qoplashga yetmayotgan bo‘lsa, qarz olish muammoni vaqtincha kechiktiradi, xolos. Bunday vaziyatda byudjetni qayta ko‘rib chiqish, daromad manbalarini tahlil qilish va xarajatlar ustuvorligini belgilash muhim.

Moliyaviy xavfsizlik yostig‘iga ega bo‘lish ham barqarorlikning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Mutaxassislar kamida uch oylik daromadga teng jamg‘arma shakllantirishni tavsiya etishadi. Bu kutilmagan holatlarda qo‘shimcha bosimni kamaytiradi.
Ipoteka bankning qayd etishicha, agar kredit olish jarayonida shaxsda ikkilanish yoki xavotir paydo bo‘lsa, bu signallarga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Kreditni keyinroq ham olish mumkin, ammo shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qarorning oqibatlari yillar davomida sezilishi mumkin.

Bank ushbu tashabbus orqali kredit insonning real imkoniyatlariga mos, tushunarli va bajarilishi mumkin bo‘lgan moliyaviy yechim bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Ipoteka bankga ko‘ra, ongli va mas’uliyatli moliyaviy qarorlar nafaqat ortiqcha bosimni kamaytiradi, balki barqaror rivojlanish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Nozimbek Mardonov O‘zA