Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida ilgari surilgan maqsad va vazifalar hamda puxta o‘ylangan rejalar mamlakatimizning bundan keyingi davrdagi taraqqiyoti, xalqimizning yanada farovon turmushini ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
Nutqda kelgusi yetti yilga mo‘ljallangan ustuvor maqsadlar, ya’ni mamlakatimizda qonun ustuvorligini mustahkamlash, iqtisodiyotni yanada isloh qilish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, ayni davrdagi mavjud global muammolarga yechim topish va barcha jabhadagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, tinchlik va xavfsizlikni barqaror ta’minlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va pirovardida, O‘zbekistonni erkinlik, imkoniyatlar tengligi, adolatlilik, birdamlik, ijtimoiy himoya, mas’uliyat tamoyillari hukmronlik qiladigan kuchli ijtimoiy davlatga aylantirish vazifalari belgilab berildi.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, “Oldimizda turgan davr O‘zbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ladi. Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi g‘oya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom ma’noda yangi davr bo‘ladi”.
Darhaqiqat, bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Mana shunday ziddiyatli, har soniyada o‘zgarib borayotgan vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni — samarali ichki va tashqi siyosat yo‘lini aniq belgilab olishimiz va uni qat’iy amalga oshirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Shuni ham aytib o‘tish joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qonun ijodkorligi sohasidagi ishlarni butunlay yangicha asosda tashkil etish yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida sezilarli ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi mas’uliyati oshirildi. Normalarni chuqur tahlil asosida ishlab chiqish va amaliyotga samarali tatbiq etish borasida salmoqli tajriba shakllandi.
O‘z navbatida, yangilangan Konstitutsiyada bugungi zamonga mos professional parlament faoliyatining asosiy yo‘nalishlari to‘liq aks ettirildi.
Oldimizda turgan maqsad va vazifalarni og‘ishmay samarali amalga oshirish uchun davlat va jamiyat hayotidagi o‘zgarish va yangilanishlarga, dunyodagi mavjud vaziyatga hamohang tarzda yanada samarali, xalqchil qonunlarni ishlab chiqish dolzarb vazifamiz. O‘tgan davrda qonun ijodkorligi sohasida erishilgan milliy tajriba va jahonning eng demokratik davlatlari ijobiy natijasini chuqur tahlil etgan holda mavjud normalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishimiz kerak bo‘ladi.
Aytish joizki, qonun ijodkorligi o‘ziga xos murakkab usul va vositalar majmuini talab etadigan, jamiyatda huquq normasiga mavjud ehtiyojni aniqlashdan tortib to tegishli normativ-huquqiy hujjat kuchga kirib, uning ijrosi monitoringini amalga oshirishgacha bo‘lgan murakkab harakatlarni o‘z ichiga oladigan o‘ta mas’uliyatli jarayondir.
Bu borada davlat rahbari o‘z nutqida: “Xalqimizning bizga bildirgan yuksak ishonchi barchamizdan — deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bog‘lab, avvalgidan ikki-uch karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etadi”, deb alohida aytib o‘tdi.
Endilikda barchamiz, shu jumladan, biz, senatorlardan har bir ezgu maqsad va vazifalar ijrosiga yuksak mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.
Narimon UMAROV,
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga
qarshi kurashish qo‘mitasi raisi.
O‘zA