FOTOREPORTAJ
Har qanday bunyodkorlik ishining poydevori puxta o‘ylangan loyiha bilan belgilanadi. Aynan loyiha orqali kelajak inshootining mustahkamligi, qulayligi va zamonaviyligi ta’minlanadi. Shu bois qurilish sohasida loyihalash ishlarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. “Qishloq qurilish loyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday mas’uliyatli yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan tashkilotlardan.
Mazkur MCHJ loyiha-qidiruv va dizayn ishlari bilan shug‘ullanib, mamlakatimizning qishloq hududlarini izchil rivojlantirish, uy-joylar, ijtimoiy hamda muhandislik-infratuzilma ob’ektlarini loyihalashga ixtisoslashgan.
Jamiyatning Surxondaryo viloyatidagi filiali bugungi kunda fidoyi va tashabbuskor mutaxassislardan iborat jamoasi bilan shahar va qishloqlarda olib borilayotgan ko‘plab qurilish hamda ta’mirlash jarayonlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Ularning asosiy vazifasi – rejalashtirilayotgan ob’ektlar bo‘yicha topografik o‘lchovlarni amalga oshirish, loyiha-smeta hujjatlarini puxta va talablar asosida ishlab chiqishdan iborat. So‘nggi yillarda mazkur jamiyat tomonidan viloyat miqyosida qator obodonchilik va infratuzilma loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
[gallery-27006]
MCHJ o‘zining zamonaviy yondashuvi va yuqori malakali mutaxassislari bilan e’tiborga tushgan. Ular ishlab chiqarayotgan loyihalar bugungi kun talabi va me’yoriga to‘liq mosligi bilan ajralib turadi. Ayni paytda korxona mutaxassislari ob’ektlarning murakkablik toifalari klassifikatori bo‘yicha III toifaga mansub inshootlar uchun to‘liq kompleks loyihalash ishlarini olib bormoqda.
Aytish mumkinki, tashkilot tomonidan yaratilayotgan puxta loyihalar hududlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarining sifatli va barqaror bo‘lishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA