AQSH Prezidenti Donald Tramp Vladimir Putin bilan Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qildi.
– Men uchun bu hozir to‘g‘ri qaror emasdek tuyuldi, – dedi Tramp Oq uydagi brifingda.
Bu bayonot ortida shunchaki diplomatik bir qadam emas, balki global siyosatdagi chuqur ziddiyat, xalqaro huquq va geosiyosiy manfaat o‘rtasidagi murakkab to‘qnashuv yotadi.
Gaaga orderi va Yevropa uchun haqiqiy sinov 2023 yil 17 mart kuni Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga nisbatan “Ukrainaning bosib olingan hududlaridan aholi (bolalar)ni noqonuniy deportatsiya qilish va Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy olib o‘tish kabi harbiy jinoyat” sodir etgani uchun qo‘lga olish orderi chiqargan edi. Bu qaror Yevropadagi har qanday davlat uchun huquqiy majburiyat sifatida qabul qilindi. Agar Vladimir Putin YeI hududiga kirsa, xalqaro majburiyatga ko‘ra u hibsga olinishi lozim. Shu bois Budapesht sammiti g‘oyasi boshidanoq jiddiy bahsga sabab bo‘ldi.
YeI tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas vaziyatni “yoqimsiz holat” deya baholadi:
– Qidiruvdagi shaxs Yevropa davlatlaridan biriga kelishini ko‘rish yoqimsiz. Agar amaliy natija bermasa, tashrif siyosiy jihatdan bahsli mavzuga aylanadi.
Ayni payt Vengriya Gaaga sudidan chiqish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida ma’lumot tarqaldi. Demak, YeI ichida ham huquqiy birlik sinovga duch kelayotgandek.
Yevropa Putinni Gaagada bo‘lishini istayapti
Bir qator Yevropa davlatlari rahbarlari Putinning tashrifini keskin qoraladi.
Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris Yevropada Putin uchun yagona joy Gaagadagi xalqaro tribunal ekanini ta’kidladi.
Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen ham shunga hamohang fikr bildirdi: Yevropa hududida harbiy jinoyatda ayblangan shaxs uchun o‘rin bo‘lmasligi kerak.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro uchrashuv urushni darhol va shartsiz to‘xtatsa, hech qanday xavf bo‘lmasligini aytdi.
Niderlandiya va Polsha diplomatlari esa Yevropa Ukraina manfaatini ustuvor vazifa sifatida ko‘rishiga urg‘u berdi.
Zelenskiy pozitsiyasi: muzokara qayerda bo‘lishi muhim emas
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Budapeshtni uchrashuv maydoni sifatida siyosiy va tarixiy jihatdan eng maqbul joy emas, biroq “agar muzokara tinchlikka olib kelsa, qayerda o‘tkazilishi muhim emas, dedi.
Zelenskiy Putin, Tramp va o‘zi ishtirokidagi uchrashuvga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga vositachi orqali muloqot yo‘lini ham inkor etmadi.
Mazkur bayonot Ukraina hukumati urushga barham berish uchun har qanday diplomatik imkoniyatdan foydalanishga tayyorligini ko‘rsatdi.
Tinchlik tashabbusi va siyosiy realizm
Tramp so‘nggi bayonotlarida “Putin va Zelenskiy tinchlikni xohlaydi” deya ta’kidladi. Binobarin, siyosatda gapdan ko‘ra amaliy harakat muhim. Hozir Tramp ham Putin ham geosiyosiy bosim ostida. Bunday holatda har qanday tinchlik tashabbusi ichki siyosiy manfaat bilan uyg‘unlashishi ehtimoldan xoli emas.
Budapesht sammiti bekor qilinishi faqat diplomatik qaror emas, balki xalqaro huquq va siyosiy axloq taqozo etgan voqelik. Bir tomonda tinchlik muzokarasini tashkil etish istagi, ikkinchi tomonda esa xalqaro huquqni buzgan shaxsga nisbatan jazo chorasini ta’minlash majburiyati turibdi.
Yevropa bugun ayni shu ikki yondashuv o‘rtasidagi muvozanatni izlayapti. AQSH esa tinchlik tashabbusini ilgari surib qo‘yib, endi amaliy yechim topa olmayapti.
Xalqaro maydonda ixotalanishi davom etayotgan bir payt, Putinning har qanday tashqi tashrifi nafaqat siyosiy, balki huquqiy bahs mavzusiga aylanmoqda.
D.Hakimov, O‘zA