Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Putinning talablari Germaniyani Rossiya bilan muzokaralardan tiymoqda (+video)
17:20 / 2026-02-03

Evronews xabariga ko‘ra, Germaniya hukumati Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan diplomatik aloqalarni qayta boshlashga qarshi ekanini bildirgan. Bu taklif avvalroq Fransiya va Italiya yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili bu holatga shunday izoh bergan: «Biz Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni qo‘llab-quvvatlaymiz, chunki Ukraina ishtirokisiz adolatli va barqaror tinchlik bo‘lishi mumkin emas. Afsuski, hozircha Rossiya pozitsiyasida hech qanday o‘zgarish ko‘rinmayapti. Rossiya maksimal talablarni takrorlamoqda va Ukraina energetik infratuzilmasi hamda boshqa fuqarolik ob’ektlariga shafqatsiz hujumlarni davom ettirib, muzokaralarga tayyorligini ko‘rsatmayapti».

O‘tgan hafta Germaniya kansleri Fridrix Mers Kreml bilan munosabatlarni qayta tiklash istiqboliga shubha bilan qarashini aytdi. U Rossiyaning Ukrainaga shartsiz o‘t ochishni to‘xtatishdan doimiy ravishda bosh tortayotganini ta’kidladi.  

«Biz bosimva sanksiyalarni saqlab qolishimiz, imkoni bo‘lsa ularni kuchaytirishimiz kerak», -dedi Mers. Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi bu masalada Kiyev va Vashington bilan aloqada bo‘lib, o‘zining pozitsiyasini yetkazmoqda.

Bu bayonotlar Germaniyani Yevropa Ittifoqining eng yirik a’zosi sifatida Fransiya bilan ochiq qarama-qarshilikka olib keldi. O‘tgan oy Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2022 yil fevraldan beri deyarli to‘xtab qolgan Putin bilan muloqotni imkon qadar tezroq boshlash kerakligini aytgan edi.  

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ham Makronning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Biroq Yevrokomissiya a’zosi, tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakil Kaya Kallas bu g‘oyaga qarshi chiqib, birinchi qadam sifatida Rossiyani jiddiy bo‘lishga va yon berishga chaqirdi.  

Estoniya Tashqi ishlar vazirligi Euronews’ga shunday dedi: «Rossiya Ukrainaga qarshi maqsadlarini o‘zgartirmaguncha, u bilan muzokara olib borib bo‘lmaydi».

Chexiya Tashqi ishlar vazirligining pozitsiyasi quyidagicha: «Yevropa Ittifoqi Rossiya – Ukraina tinchlik muzokaralari uchun maxsus vakil tayinlash masalasini ko‘rib chiqishi kerak. Hozir muzokaralar AQSH, Rossiya va Ukraina o‘rtasida olib borilayotgan bo‘lsa-da, Yevropaning rolini o‘ylab ko‘rish, uni muhim ishtirokchi sifatida saqlab qolish maqsadga muvofiq».

Siyosiy bahslar davom etayotgan bir paytda, Bryussel Rossiyaga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar paketini tayyorlamoqda.                                

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/z0nKw7Gy9Hg" title="Putinning talablari Germaniyani Rossiya bilan muzokaralardan tiymoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA