Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Putinning qaroriga g‘arb keskin munosabat bildirmoqda
14:21 / 2022-02-22

Vladimir Putin dushanba kuni Rossiya xavfsizlik kengashini yig‘di. Majlisda ishtirok etganlar Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olish zarurligini ta’kidlagan.

Keyinroq RF prezidenti DXR va LXR mustaqqilligini tan olish bo‘yicha bayonot berdi. Rossiya bilan respublakalar o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam ko‘rsatish  bo‘yicha bitim imzolandi. Endi mazkur shartnomani Rossiya Davlat dumasi ratifikatsiya qilishi kerak.

Tabiiyki, Rossiyanning ushbu qadamini mintaqadagi aksariyat davlatlar, BMT, Yevropa Ittifoqi, umuman, xalqaro hamjamiyat ma’qullamayapti. Ushbu ikki respublikani tan olish Rossiya tomonidan o‘ylanmay qilingan harakat sifatida qabul qilinyapti, mintaqa barqarorligiga, Ukrainaning mustaqilligi va suverenitetiga rahna solish, deya baholanmoqda. Ukraina bilan Rossiya chegarasidagi shundog‘am o‘ta keskinlashgan vaziyat endi butkul izdan chiqishi mumkin, deyilyapti. Shu munosabat bilan dushanba kuni BMT Xavfsizlik kengashi ham Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilishga kirishdi.

Albaniya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Meksika, Norvegiya, AQSH, Ukraina va Fransiya tashabbusi bilan chaqirilgan Tashkilot majlisida Rossiya va Ukrainaning BMTdagi doimiy vakillari ham ishtirok etgan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyaning Donetsk bilan Luganskni tan olish haqidagi qaroridan “juda xavotirda” ekanini bildirdi. U Ukraina sharqidagi mojaroni Xavfsizlik Kengashining 2202 raqamli rezolyutsiyasiga biriktirilgan Minsk shartnomasiga muvofiq, tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirdi.   

Bosh kotib Rossiya qarorini Ukrainaning hududiy  yaxlitligi va suverenitetini buzish sifatida ko‘rmoqda."Bu BMT Nizomida ko‘zda tutilgan tamoyillarga mos kelmaydi", - dediBosh kotibning rasmiy vakili Stefan Dyujarrik. 

AQSH davlat kotibi Entoni Blinken va Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Rossiyaning Donetsk va Lugansk mustaqilligini tan olishiga javoban, kelgusida AQSH ma’muriyati qabul qiladigan choralar haqida telefon orqali suhbatlashib oldi.

Davlat kotibi Rossiyaning ushbu qaroriga "AQSHning javobi juda tez bo‘lishi"ni ta’kidladi.

Keyinroq AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Donetsk va Lugansk xalq respublikalari suverenitetini tan olganiga javoban, dushanba kuni maxsus farmon imzoladi. Hujjat boshqa cheklovlardan tashqari amerikaliklarga DXR va LXRda moliyalashtirish va investitsiya kiritish bo‘yicha harakatni, shuningdek, savdo qilishni taqiqlaydi.

Qolaversa, hujjatda qayd etilgan hududlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki qisman biror tovarni, xizmat yoki texnologiyani AQSHga olib kirish, qo‘shma shtatlar bilan eksport, reeksport, sotish yoki xarid qilish faoliyati olib borish man etiladi. Shuningdek, AQSH ma’muriyatiga DXR va LXR bilan yoki ushbu respublikalar rahbariyati bilan munosabatda bo‘lgan shaxslarga nisbatan sanksiya joriy qilish vakolatini ham beradi. Sanksiya DXR va LXRda biznes olib borayotgan amerikaliklarning AQSHdagi aktivlari muzlatilishini ham nazarda tutadi.

Jo Bayden imzolagan farmonda keltirilishicha, "Rossiya Federsiyasining DXR va LXR mustaqilligini tan olishi Rossiyaning Mnsk bitimi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan mas’uliyatiga zid, tinchlik va barqarorlikni, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini yanada ko‘proq xavf ostida qoldiradi".

Qolaversa, hujjat matnida hamda Amerika Kongressi yetakchilariga yo‘llagan maktubida Oq uy rahbari Moskvaning ushbu qarori Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligiga va tashqi siyosatiga  favqulodda kutilmagan xavf tug‘dirishini ta’kidlagan.

Rossiyaning Donetsk va Lugansk xalq respublikalari suverenitetini tan olgani yetakchi davlatlar, jumladan, Yaponiya, Fransiya, Kanada,Avstrali, Shveysariya, Polsha va yana ko‘plab mamlakatlar, YeXHT singari xalqaro tuzilmalar tomonidan qoralanib, vaziyatni tobora keskinlashtirishga qaratilganini uqtirishmoqda. Masalan, AQSH davlat departamenti Rossiya ushbu harakati bilan urush boshlashga intilayotganini ko‘rsatmoqda, dedi.

"RF prezidentining bugungi qarori keskinlik jiddiy tus olishiga sabab bo‘ladi, Rossiya diplomatiyaga emas, balki urush boshlashga intilayotganidan yana bir bor darak beradi", - deyiladi Davlat departamenti tarqatgan bayonotda.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili Rossiyaning ushbu qarorini qoralar ekan, voqeani 2008 yili Abxaziya bilan Janubiy Osetiyaning tan olinishi ssenariysi takrorlanishi, dedi.

Rossiyaning DXR va LXR mustaqilligini tan olish bo‘yicha qarori Ukraina tomonidan ham keskin qoralanmoqda. Vladimir Zelenskiy Ukraina o‘z hududini hech kimga bermaydi, shu bilan birga muammoni diplomatik va tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiq qoladi, deya bayonot berdi.

"Ukraina tinch va diplomatik choralarga sodiq va faqat shu yo‘ldan boradi. Biz o‘z tuprog‘imizdamiz, hech narsadan va hech kimdan qo‘rqmaymiz. Birovdan qarzimiz ham yo‘q. Biz hech kimga hech narsani bermaymiz", - dedi u ukrainaliklarga qilgan videomurojaatida.

Ta’kidlanishicha, "BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq, Ukraina o‘zi alohida va jamoaviy o‘z-o‘zini mudofaa qilish huquqini o‘zida qoldiradi". Zelenskiyning aytishicha, hozir tavakkal qilishga sabab yo‘q.

U murojaatida tarix haqida cho‘zib leksiya o‘qishga vaqti yo‘qligini qo‘shimcha qilgan. "Biz o‘tmish emas, hozirgi voqelik haqida gapiramiz. Ortimda Ukraina, davlatning xalqaro tan olingan chegaralari turibdi va hududimiz RFning qandaydir harakati yoki bayonotiga qaramay, shundayligicha qoladi", - dediprezident.

22 fevral kuni TASS agentligi ma’lum qilishicha, Putin Rossiya qo‘shinlariga DXR va LXRda tinchlikni ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan.

Rossiya qurolli kuchlari  Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hududida tinchlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Donbass respublikalarini tan olish bo‘yicha farmoni matnida keltirilgan.

Moskva Vashinton bilan hali ham muzokaraga tayyorligini bildirmoqda. Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova bayonot berishicha, Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligining tan olishi  Moskva muloqotga tayyor ekaniga ta’sir ko‘rsatmaydi.

"Hatto, eng murakkab paytda ham muzokaraga tayyorligimizni aytganmiz. Shu bois tanlagan pozitsiyamiz shundayligicha qoladi. Biz muzokaraga tayyormiz", - dedi Zaxarova,“Ushbu reja Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan AQSH davlat kotibi Entoni Blinken uchrashuviga ta’sir qiladimi”, deya berilgan savolga javob berarkan.

Ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvi 24 fevral kuni Jenevada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Binobarin, avvalroq AQSH muzokara "Rossiya Ukrainaga bostirib kirmasa bo‘lib o‘tishi" haqida bayonot bergan.

YeI ham Rossiyaga javob qaytarishni kechiktirmadi.

«Yevropa Ittifoqi Rossiyaning DXR va LXR mustaqilligini tan olish qaroriga hech qachon rozi bo‘lmaydi.Tashkilot darhol qarshi vositalarni tayyorlaydi, Rossiyaga nisbatan sanksiya qo‘llash choralarini ko‘radi», — deyilgan YeI tarqatgan bayonotda.

Ayni payt rubl arzonlashib, dollar qimmatlashishi kuzatilmoqda.Moskva birjasida yevroning narxi 0,97 foiz oshib, 91,0225 rublga tenglashgan, dollar qiymati esa 80,52 rubl atrofida saqlanib turibdi.

Yevroning engyuqori darajasibungacha 2021 yil 26 aprelda qayd etilgan. O‘shanda bir yevro 91 rublga baholangan edi.

Internet materiallari asosida S.Rahimov tayyorladi.

O‘zA