Rossiya prezidenti yana bir bor Ukrainaga Donbas bo‘yicha keskin ogohlantirish berdi. Vladimir Putin Kiyev o‘z qo‘shinlarini ushbu hududdan tezda olib chiqib ketishi zarurligi, aks holda Moskva bu masalada harbiy harakatlarni kuchaytirishini ma’lum qildi.
Hozirda RF Donbasning 85 foizini nazorat qiladi. Ukraina esa hududdan batamom voz kechishni qat’iyan rad etmoqda. Putinning bayonotlari yangi tinchlik rejasi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar fonida yangradi.
Ma’lumki, yaqinda AQSH elchisi Stiv Uitkoff boshchiligidagi delegatsiya Moskvada taklifning yangilangan variantini muhokama qildi, ammo tomonlar murosaga kelmadi.
Ta’kidlanishicha, rus rasmiylari hududlarning maqomi va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari kabi hujjatning ayrim bandlarini ma’qullamagan.
Kremlning fikricha, frontdagi so‘nggi harbiy muvaffaqiyatlar Rossiyaning muzokaralardagi pozitsiyasini kuchaytirgan. Ukraina esa RFni vaqt cho‘zayotganlikda ayblab, “hududni qo‘lga kiritish uchun harbiy bosimni davom ettirmoqda”, deya ta’kidlaydi.
Musulmon Ziyo, O‘zA