Rossiya Mudofaa vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida Vladimir Putin chiqish qildi. U Rossiyani parchalab foyda ko‘rishga uringanlikda G‘arbni aybladi. Bu haqda Yevronyus xabar tarqatdi.
Shuningdek, Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib, AQSH ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlayotgani haqida xabar berdi. Agar Moskva Ukraina bilan tinchlik kelishuvini yana rad etsa, bu sanksiyalar yaqin vaqt ichida joriy qilinishi mumkin. Manbalarga ko‘ra, qarshi choralar Rossiyaning eng muhim sohalarini qamrab oladi. Kreml rasmiylari Vashingtonning bunday rejasidan xabardor ekanliklarini ma’lum qilishdi.
Vladimir Putin o‘z chiqishida Rossiya har doim “qarama-qarshiliklar va mojarolarga diplomatik yechim topishga intilganini” bildirar ekan, jumladan, AQSH ma’muriyati bilan muloqotda “ma’lum ijobiy siljishlar” kuzatilayotganini qayd etdi. Shu bilan birga Rossiya yetakchisi Ukrainadagi urush sabab Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning aksariyati bilan munosabatlar yaxshi emasligini ta’kidladi.
Uning so‘zlaridan kelib chiqadiki, Rossiyani Ukraina bilan “qurolli to‘qnashuvga deyarli majburlashgan”. Putin bunda G‘arbni, aniqrog‘i, Jo Bayden ma’muriyatini aybladi. “Hamma qisqa vaqt ichida Rossiya Federatsiyasi parchalanib ketadi, deb o‘yladi. Bunga ishongan yevropalik ochko‘z guruhlar esa mamlakatimiz parchalanishidan foyda ko‘rish umidida darhol bu jarayonga qo‘shildi”, - dedi Rossiya rahbari.
Shuningdek, Putin 2025 yil yakunlarini sarhisob qilar ekan, prezident “maxsus harbiy operatsiya”ning ijobiy kechayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiya armiyasi butun front chizig‘i bo‘ylab strategik tashabbusni qo‘lga kiritgan va uni mustahkam ushlab turibdi”, shuningdek, RF nazoratiga Ukraina hududidagi 300 dan ortiq aholi punktlari o‘tgan.
Yevropa Ittifoqi yetakchilari Rossiya NATO bilan urush boshlashi mumkinligi haqida bir necha bor bayonot berishgan. Putin esa bu bayonotlarni “yolg‘on va bema’nilik” deb atadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fv2QjxvpPdM" title="Putin: Ukraina urushi rejali ravishda keltirib chiqarilgan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA