RF yetakchisi Vladimir Putin AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotda Eron atrofidagi mojaroni tezroq diplomatik yo‘l bilan hal etish bo‘yicha bir qator takliflar bildirgan.
“DW” nashri yozishicha, 9-mart kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan va taxminan bir soat davom etgan. Kreml rasmiy vakili Yuriy Ushakovning aytishicha, muloqot ishchan, ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan.
Suhbatning asosiy mavzulari Eron atrofidagi vaziyat hamda Ukraina – Rossiya mojarosini hal etishga qaratilgan. Putin Eron bilan bog‘liq nizoni tezroq siyosiy va diplomatik usullar orqali bartaraf etishga doir bir nechta g‘oya bilan bo‘lishgan.
Shu bilan birga, Tramp Ukrainada tezroq o‘t ochishni to‘xtatish va uzoq muddatli kelishuvga erishishdan manfaatdor ekanini bildirgan.
Ta’kidlanishicha, tomonlar xalqaro vaziyatning boshqa jihatlari yuzasidan ham fikr almashib, aloqalarni muntazam davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan. Oq uy mazkur telefon muloqoti yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan.
D.Hakimov, O‘zA