English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Putin: Hudud masalasisiz barqaror tinchlikka erishib bo‘lmaydi
13:55 / 2026-01-23

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH vakillari bilan kechgan muzokaradan so‘ng keyingi diplomatik qadamlar bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga Kreml uzoq muddatli tinchlikka faqat hududiy masala hal etilgan taqdirdagina erishish mumkinligini ochiq aytdi. Moskva bayonotiga ko‘ra, Rossiya, AQSH va Ukraina vakillari Abu-Dabida xavfsizlik bo‘yicha uch tomonlama muzokara o‘tkazadi. Ushbu uchrashuv Putin va Vashingtonning uch nafar elchisi o‘rtasida yarim tundan keyin boshlangan va to‘rt soat davom etgan suhbatdan so‘ng rejalashtirildi.

Kreml maslahatchisi Yuriy Ushakov muzokarani “mazmunli, konstruktiv va juda ochiq” deb baholasa-da, jiddiy burilish yuz bergani tasdiqlanmadi. Uning aytishicha, Rossiya yetakchisi AQSH tomoniga yana bir bor shuni aniq yetkazganki, o‘tgan yil Alyaskada bo‘lib o‘tgan Tramp – Putin uchrashuvida kelishilgan hududiy formula amalga oshirilmas ekan, uzoq muddatli tinchlik kelishuvi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Putin RF diplomatik yechimdan manfaatdorligini bildirgan, ammo maxsus harbiy amaliyot maqsadiga erishilmaguncha, Moskva harakatni davom ettirishini ta’kidlagan.

Bu bayonotlar Ukrainada vaziyat yanada og‘irlashayotgan bir payt yangradi. Mamlakat urush boshlangandan buyon eng og‘ir qish faslini boshdan kechirmoqda. RF raketa va dron hujumlari energiya infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazgan. Natijada Kiyev va boshqa yirik shaharlarda yuz minglab odam uzoq vaqt elektr va issiqliksiz qolmoqda. Ukraina rasmiylari bu holatni Moskvaning tinchlikka real qiziqishi yo‘qligi dalili sifatida ko‘rsatmoqda, Rossiya esa bu da’voni rad etib, harbiy harakat beqiyos yo‘qotish evaziga olib borilayotganini aytmoqda.

AQSH tomoni urushni yakunlash bo‘yicha sa’y-harakatni kuchaytiryapti. Muzokarada Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, uning kuyovi Jared Kushner hamda yangi tayinlangan maslahatchi Josh Gruenbaum ishtirok etdi.

Asosiy kelishmovchilik shundan iboratki, Rossiya Ukrainadan Donetsk viloyatining bir qismini topshirish, shuningdek NATO a’zoligiga intilishdan voz kechishni talab qilmoqda, kelajakda Kiyev hududida NATO qo‘shini bo‘lishiga qarshi chiqmoqda. Ukraina esa katta qurbonlik evaziga himoya qilinayotgan hududlardan voz kechishni qat’iyan rad etmoqda.

RF tomoni Abu-Dabidagi uchrashuvni tayyorlashda AQSH katta ish qilganini e’tirof etib, bu muzokara urushni yakunlab, keng qamrovli tinchlik bitimiga yo‘l ochishiga umid bildirdi.

Musulmon Ziyo, O‘zA