Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish davom etmoqda.
Prezident Namanganda yo‘l, ichimlik suvi, uy-joy kabi hayotiy zarur infratuzilmani rivojlantirish ham eng dolzarb masalalardan ekanini ta’kidladi.
Uychi, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari aholisini viloyat markazi va boshqa tumanlar bilan bog‘lovchi asosiy yo‘ldagi tirbandlik qiynab kelayotgan edi.
Shu bois, 63 milliard so‘m hisobiga Norin daryosi ustidan 480 metr uzunlikdagi yangi ko‘prik qurilmoqda. Uychi orqali Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari markaziga yetib borish 20-25 kilometrga, Norindan Baliqchiga 35-40 kilometrga qisqaradi.
Viloyat aholisi talabini inobatga olib, Qoradaryo ustidagi 63 yil oldin qurilgan Namangan va Andijon viloyatlarini bog‘lovchi 180 metrli eski ko‘prikni rekonstruksiya qilish boshlandi. Buning natijasida transport qatnovi 2 barobar oshadi, yo‘lga ketadigan vaqt 1,5 karra qisqaradi, tirbandlik keskin kamayadi.
Mutasaddilarga Namangan xalqi uzoq yillardan buyon kutayotgan mana shu 2 ta ko‘prikni kelgusi yilda ishga tushirish, 694 kilometr yo‘l va mahallalardagi 7 ta kichik ko‘prikni ta’mirlashni esa joriy yilda yakunlash topshirildi.
Viloyat markazini poytaxt bilan bog‘laydigan, kuniga 15 ming transport harakatlanadigan “Pungon-Namangan” yo‘lining 75 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Bu yo‘l 246 million dollar hisobiga 4 tasmali, beton qoplamali qilib quriladi, 34 ta ko‘prik, 22 ta piyodalar o‘tish joylari barpo etiladi.
O‘zA