31 oktyabr – Butunjahon jamg‘arish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti madaniyat saroyida mahorat darslari o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti, O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi, tijorat banklaridan mutaxassislar, sug‘urta tashkilotlari vakillari, yetakchi tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Hech kimga sir emaski, pulni tejash, uni to‘g‘ri sarflay bilish, jamg‘arish va tasarruf etishda insondan bilim va ko‘nikmalar va albatta, jamg‘arib borish sirlaridan boxabar bo‘lishlik talab etiladi. Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida moliyaviy savodxonlik, ayniqsa, muhim. Bu nafaqat moliya sohasidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, balki aholining kundalik hayotdagi oddiy iqtisodiy hisob-kitoblardan tortib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, tijorat banklari kreditlaridan foydalanish kabi qator murakkab jarayonlarda ishtirok eta olish ko‘nikmalarini nazarda tutadi. Mahorat darsida “2021-2023 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tijorat banklari va sug‘urta tashkilotidan vakillar o‘z ma’ruza va taqdimotlar orqali tushuntirib o‘tdi.
Mutaxassislar ushbu savodxonlik faqat o‘z daromadiga ega ishchi qatlam uchungina emas, bolalar, ayniqsa, katta hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar uchun ham muhimligini ta’kidladi. Tadbirda yosh tadbirkor Nukus tumanidagi “Biogumus” fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Niyazimbetov yosh bo‘lishiga qaramay, o‘z faoliyati, bilim va tajribalaridan kelib chiqib, talaba yoshlarga tadbirkorlikning o‘ziga xos sir-asrorlarini tushuntirdi. Bundan tashqari, tadbir davomida talaba yoshlar orasida tadbirkorlikka oid interaktiv o‘yinlar ham tashkil etildi. Qolaversa, eng faol ishtirok etgan talaba yoshlarga Markaziy bank tomonidan sertifikatlar, bank mahsulotlari bo‘yicha yo‘riqnomalar hamda moliyaviy savodxonlikka oid kitoblar tarqatildi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri