Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pulli yo‘llar 25 yil davomida o‘z sifatini yo‘qotmaydi
12:33 / 2023-12-28

Har bir mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi uchun avtomobil yo‘llarining ahamiyati yuqori. Ammo shu bilan birga yo‘lsozlik juda katta xarajatlarni talab etadi. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan ob’ektlarning asosiy konstruktiv elementlari bo‘yicha kamida 3 yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinadi.

Yilning harorat yuqori bo‘lgan vaqtlarida avtomobil yo‘llarida yuk tashuvchi transport vositalari va avtopoyezd (tirkama)larning (maxsus transport vositalaridan tashqari) harakatlanishiga mavsumiy cheklovlar o‘rnatiladi. Tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi.  

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini yuqori tezlikda harakatlanishga oid xalqaro talablarga muvofiq loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish hamda kelgusida ushbu yo‘llarga muqobil yo‘llar mavjud bo‘lganda, “pullik yo‘llar” toifasiga o‘tkazish rejalashtirilgan. Xususan, 2025 yilda “Toshkent-Andijon”, “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishlari bo‘yicha pulli yo‘llar va “Taxtaqoracha” dovonida pulli tonneli quriladi.  

“Toshkent-Samarqand” pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy hujjatini ishlab chiqish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan 350 ming dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilgan. Hujjatni ishlab chiqish maqsadida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 1,5 million yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan. Loyihaning umumiy uzunligi 305 kilometrni tashkil qilmoqda.  

“Toshkent-Samarqand” pulli avtomobil yo‘li qurilishi harakat jadalligi taqsimlanishiga olib keladi. Yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati xalqaro standartlar bo‘yicha 13 tonna hisobida amalga oshiriladi hamda avtomobil yo‘lining xizmat qilish muddati 25 yil etib belgilangan.  

Haydovchilar haq to‘lab foydalanadigan yo‘llar pulli yo‘llar hisoblanadi.  Bu kabi  yo‘llardan foydalanganlik uchun to‘lanadigan mablag‘ yo‘lni ta’mirlash va saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash uchun sarflanadi. Tijoriy yo‘llarning davlat yo‘llaridan asosiy farqi shundaki, bunday yo‘nalishlarda foydalanuvchilar va ularning avtoulovlariga yuqori sifatda xizmat ko‘rsatiladi.  

Aslida respublikada pulli yo‘llarning joriy etilishi  haydovchilar uchun soatiga 120–150 kilometr tezlikda harakatlanish va vaqtni tejash imkonini beradi. Yevropa, Osiyo, Amerika, Avstraliya va Afrika qit’alaridagi ko‘plab davlatlar allaqachon pulli avtomagistrallar tizimiga o‘tgan.  

Xo‘sh, O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham barcha qulayliklarni o‘zida jamlagan pulli yo‘llar tashkil etilishi mumkinmi? 

– Aholi, albatta yaxshi yo‘llardan yurishga munosib, – deydi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi direktori o‘rinbosari Shuhrat Nazarov. – O‘zbekistonda pulli yo‘llarni barpo etish borasida loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu kabi yo‘llar qurilishi mamlakat iqtisodi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Pulli yo‘llarda to‘lovlarni amalga oshirish sheriklarning ikki tomonlama kelishuvi asosida belgilanadi. Hududlarda ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish orqali aholining pulli yo‘lga bo‘lgan munosabati, ehtiyoji va fikri o‘rganilmoqda. Katta loyihalarni amalga oshirishda jamoatchilikning talab va istaklari inobatga olinadi. Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida ham pulli yo‘llarni qurish ishlari boshlab yuborilgan. Talabga qarab kelgusida bunday yo‘llarni yanada takomillashtirish, boshqa joylarda ham joriy etish rejalashtirilgan.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA