“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan pulli yo‘llar tarmog‘ini barpo etishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Pulli avtomobil yo‘llarini qurishga faqatgina muqobil bepul harakatlanish yo‘li mavjud bo‘lgandagina ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, pulli avtomobil yo‘lidan harakatlanish uchun to‘lov miqdori avtomobil yo‘llari foydalanuvchilarining ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari qanoatlantirilishini hisobga olgan holda, iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydigan bo‘lishi lozimligi nazarda tutilyapti.

Pulli avtomobil yo‘llaridan ichki ishlar, tez yordam, yong‘in xavfsizligi kabi maxsus xizmatlarning mashinalari bepul foydalanishi mumkin.
Mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasida “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmini joriy etish, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatilyapti.
Bundan tashqari, loyihada kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yo‘llarning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti ham kiritilyapti. Yo‘llarda katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinyapti. Qolaversa, ajratilgan va yo‘l bo‘yi mintaqalarida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda.
Qonun loyihasidagi normalar yo‘l sifatini yaxshilash orqali mavjud avtomobil yo‘llari tarmog‘ini uzoq vaqtgacha soz holda saqlab turish, pulli yo‘llar tarmog‘ini barpo etish, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA