Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Pskom” gidroelektr stansiyasi yangi ilg‘or texnologiya va innovatsiyalar asosida qurilmoqda
18:55 / 2022-05-16

Aholi va iste’molchilarga elektr energiya yetkazib berishda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan gidroelektr stansiyalarining alohida o‘rni bor. Shu sababli, keyingi paytda mazkur soha imkoniyatlarini kengaytirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

“Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskom daryosida Pskom GESni qurish” investitsiya loyihasining tatbiq etilayotgani gidroenergetika rivojidagi yirik ishlardan biri hisoblanadi.

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Vohidjon AHMADJONOV ushbu loyiha ahamiyati va qurilish jarayonlari haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Pskom daryosida Pskom GES qurilishi gidroenergetika sohasi bo‘yicha yurtimizda qurilayotgan yirik mega loyihadir, – dedi V. Ahmadjonov. – Loyihani tatbiq etish uchun “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbariyati tashabbusi bilan yangicha yondashuv va yangi konsepsiya asosida ilg‘or zamonaviy texnologiyalar va metodlar joriy etildi. Murakkab loyiha ishlari “Gidroproyekt” AJ tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan mahalliy va xorijiy korxonalar mutaxassislari belgilangan me’yorlar asosida qurilish ishlarini olib bormoqda.

Shuni qayd etish kerakki, “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskom daryosida Pskom GESni qurish” investitsiya loyihasi doirasida qabul qilingan texnik yechimlar Germaniyaning “Tractebel Engineering GmbH” xalqaro injiniring kompaniyasi tomonidan olingan ijobiy xulosalar asosida ishlar tashkil etilyapti.

Birinchi bosqichda amalga oshirilishi belgilangan gidrotexnika inshootlari, yerosti suv o‘tkazuvchi tunnellar, GES binosi va 222 kilometr uzunlikdagi elektr energiyasini uzatish tarmoqlari hamda infratuzilma ob’ektlarini qurish ishlari bajarildi. Jumladan, birinchi yarus suv qabul qilish inshooti, 1288 metr uzunlikdagi suv o‘tkazuvchi yerosti tunneli, 1-2-agregatlarga suv olib keluvchi 285 metr yerosti tunneli va 2 dona suv o‘tkazuvchi zatvorlarni boshqarish inshooti barpo etildi. Daryoga suv tashlash inshootlari hamda ishchi-mutaxassislar uchun 80 o‘rinli 2 qavatli yotoqxona, 10 dona kottej qurib bitkazildi.

Shu bilan birga, 2021 yil 25 noyabr kuni Pskom daryosida “To‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshooti” qurilishini boshlash uchun daryo oqimi berkitilib, kelayotgan suvlar “birinchi yarus suv qabul qilish inshooti” orqali yana daryoga yo‘naltirildi.

Loyiha doirasida to‘g‘on uzunligi 200 metr va pastki belgisi 983,00 metr yuqori belgisi 1044,5 metr, ya’ni 61,5 metr balandlikka ega bo‘lgan “To‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshooti” qurilishi natijasida Pskom daryosida Pskom suv omborining birlamchi bosqichiga suv yig‘ish imkoniyati yaratiladi.

To‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshooti 998,0 metr belgiga qadar 10 metr chuqurlikdan temir-beton tayanch to‘siq bilan ko‘tarilib, temir-beton va tosh oralig‘idagi bo‘shliqlar maxsus sementli qorishma yordamida yuqori bosim ostida to‘ldirilib chiqildi.

Yana bir e’tiborli jihati, mamlakatimizda gidrotexnika inshootlari qurilishi tarixida birinchi marotaba sohada xavfsizlik nuqtai nazaridan yuqori chidamlilikka ega geokompozit gidroizolyatsiya mahsuloti qo‘llanilishidir.

Italiya davlatida ishlab chiqarilgan “KARPI” (CARPI) kompaniyasining SIBELON® CNT 5900 UV geokompozit gidroizolyatsiya mahsuloti rivojlangan davlatlarda keng qo‘llaniladi. U filtratsiya suvlariga qarshi sintetik mahsulot hisoblanuvchi yuqori sifat darajasiga ega. Mazkur geokompozit gidroizolyatsiya mahsuloti to‘g‘onining yuqori suv to‘sish inshootidagi filtratsiya jarayonlarini oldini olish maqsadida foydalaniladi.

“To‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshooti”ning 998,1 metrdan 1026,5 metrgacha bo‘lgan oraliqda butun to‘g‘on ekrani bo‘ylab t=4 mm qalinlikdagi SIBELON® CNT 5900 UV geokompozit gidroizolyatsiya materialini 11 129,0 m2 yuzada qoplash ishlari joriy yilning aprel oyida to‘liq yakunlandi.

Shuningdek, birinchi yarus suv qabul qilish inshooti oldida suv sathlarini doimiy ravishda kuzatib borish, sel va toshqin suvlari ta’sirida suv sathini keskin ko‘tarilishini oldini olib, 1-darvozalarni boshqarish inshooti (KRZ-1) orqali toshqin suvlarini boshqarish maqsadida suv qabul qilish inshootiga maxsus elektron datchiklar o‘rnatilib, “onlayn” rejimda monitoring va kuzatuvlar olib borilmoqda. Darvozalarni boshqarish inshooti binosidagi barcha qurilmalar avtomatik tizim asosida boshqarib borilmoqda.

Pskom daryosida to‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshootida olib borilgan qurilish ishlari natijasida bugungi kunda suv sathi 1010 belgiga ko‘tarildi. Buning natijasida to‘g‘onning “KARPI” (CARPI) kompaniyasining SIBELON® CNT 5900 UV geokompozit gidroizolyatsiya mahsulotlari bilan qoplangan maxsus qismi hozirgi kunda 9 metr suv ostida. Bu murakkab muhandislik loyihasidagi o‘z vaqtida qabul qilingan konstruktiv yechim va xulosalarning ijobiy natijasidir.

Shuningdek, yirik qurilish ob’ektida mavjud gidrotexnik inshootlarni xavfsiz ishlatilishini ta’minlash bo‘yicha sel-toshqin suvlarini betalofat o‘tkazish choralarini ko‘rish, suv omborlaridagi suv hisob-kitobini zamonaviy texnologiyalar asosida suv omboriga suvning kirishi, chiqishi va kunlik monitoringini olib borish, nazorat o‘lchov qurilmalari kuzatuv natijalarini tahlil etib borish maqsadida ekspluatatsiya guruhi tuzilgan.

Muxtasar aytganda, ushbu loyihalarning amaldagi ijrosi mamlakatimizdagi mavjud suv omborlarini qurish va modernizatsiya qilishda katta tajriba bo‘ladi. Yangi texnologiyalar va innovatsiyalaridan samarali foydalanish kelgusi ishlar uchun puxta zamin yaratadi.

O‘zA muxbiri 

Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.