Pskentlik tadbirkor maʼdanli suv ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi
Tadbirkor bu yerda gazlanmagan maʼdanli suv qadoqlash korxonasini ochdi.
Toshkent viloyati Pskent tumani hokimligi tomonidan tadbirkor Jamshid Achilovga “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi foydalanilmayotgan bino tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun “nol” xarid qiymatida berildi.
Tadbirkor bu yerda gazlanmagan maʼdanli suv qadoqlash korxonasini ochdi. U korxonada ishni yoʻlga qoʻyish uchun jami 1 milliard 250 million soʻm miqdorida investitsiya kiritdi. Ishlab chiqarishda zarur boʻladigan zamonaviy uskunalar Xitoydan olib kelindi.
Bugungi kunda tashkil etilgan “WOODLANDS” masʼuliyati cheklangan jamiyatida gazlanmagan maʼdanli suv mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ayni vaqtda mahalladagi 8 nafar kasb-hunar kollejini bitirgan yoshning bandligi taʼminlandi. Qisqa fursatda korxonani toʻliq quvvatda foydalanishga topshirib, mahsulot tayyorlash hajmini ikki barobar oshirish koʻzda tutilgan. Natijada qishloqdagi yana 10 nafar yigit-qiz ishga taklif qilinadi.
– 170 metr chuqurlikdan olingan suv uch bosqichda tozalanib, foydali minerallar bilan boyitiladi. Keyin shu yerda idishlarga quyilib, qadoqlanadi, – deydi korxona ish yurituvchisi Sarvar Toshniyozov. – Boshlanishiga har kuni 14 ming dona maʼdanli suv ishlab chiqarilmoqda. Tayyor mahsulotlar savdo shoxobchalariga peshma-pesh joʻnatilyapti. Davlatimiz tomonidan bizga yaratilgan sharoitlar tufayli ishimiz samaradorligi oshmoqda.
Maʼlumotlariga koʻra, Pskentdagi maʼdanli suv ishlab chiqarish korxonasi loyihasi qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash maqsadida koʻrilayotgan chora-tadbirlardan biridir.