PSJdan gollar yomgʻiri, “Monako” esa hamon inqirozda
Fransiya chempionatining 21-tur oʻyinlari gollarga boy boʻldi.
Fransiya chempionatining 21-tu
r oʻyinlari gollarga boy boʻldi
. Bunda asosiy rollarni soʻnggi yillarda mamlakat futbolida yetakchilikni qoʻlga olgan klublar “Pari Sen-Jermen” va “Monako” bajarib berishdi.
Tomas Tuxel boshqaruvidagi PSJ oʻz uyida chempionat autsayderi “Gengam”ni qabul qildi va raqib darvozasiga oz emas, koʻp emas naqd 9ta (!) gol urishga muvaffaq boʻldi. Hisobga qarab raqib jamoa oʻyinni kamchilik boʻlib oʻtkazganmi, degan xayolga borishingiz ham mumkin. Yoʻq, unday emas, shunchaki parijliklarning oʻyini ochilib ketdi. Birinchi boʻlimda mehmonlar darvozasini uch marta ishgʻol qilgan PSJ tanaffusdan keyin yana olti marotaba muvaffaqiyat qozondi.
Gʻolib jamoa safida Edinson Kavani va Kilian Mbappe xet-trik qayd etishgan boʻlsa, Neymar oʻz nomini ikki bor tabloga yozdirib qoʻydi. Yana bir gol esa zaxiradan maydonga tushgan himoyachi Tomas Myonye hisobiga yozildi. Bu bilan “Pari Sen-Jermen” futbolchilari “MYU” muxlislariga ogohlik qoʻngʻirogʻini chalishgan boʻlsa ajab emas. Negaki tez orada bu ikki klub Chempionlar ligasi pley-off bosqichida toʻqnash kelishadi. Qisqasi, Sulsher boshchiligidagi “qizil iblislar”ning gʻolibona odimiga Tuxel munosib javob berdi.
“Monako” esa Leonardo Jardimni isteʼfoga chiqarib ham omadsizliklar botqogʻidan chiqib ketolmayapti. Avvaliga Tyerri Anri jamoada yuqori malakali oʻyinchilar tanqisligidan noliyotgan edi, ammo qishki transfer oynasida tarkibga bir qator futbolchilar qoʻshib olindi. Chunonchi, “Chelsi”dan tajribali futbolchi Fransesk Fabregas, “Shalke”dan esa braziliyalik faxriy himoyachi Naldo, shuningdek “Lill” jamoasidan himoyachi Fode Ballo hamda Turkiya chempionati ishtirokchisi “Antalyaspor” jamoasidan yarim himoyachi Vilyam Venkrelar taklif etildi. Biroq, bu oʻzgarishlar hozircha jamoaga hech qanday naf keltirmayapti.
21-turda oʻrtamiyona “Strastur”ni qabul qilgan “monegasklar” kutilmaganda yirik – 5:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Aynan Naldoning 7-daqiqadayoq maydondan chetlatilgani bu magʻlubiyatda asosiy omil boʻldi, deya Anrini oqlash mumkindir. Biroq, 68-daqiqaga kelib mehmonlar safida ham bir kishi, aniqrogʻi himoyachi Stefan Mitrovich ikkinchi ogohlantirish bilan maydondan chetlatildi. Shundan keyin ham “Monako” vaziyatni oʻnglay olmadi, aksincha oʻz darvozasidan yana bir marta toʻp olib chiqdi. Ularning bu ahvolini koʻrib, nahotki shu jamoa ikki yil muqaddam Fransiya chempioni boʻlgan hamda Chempionlar ligasida yarim finalgacha yetib borgan, deya ajablanishingiz turgan gap. Agar vaziyat shu zaylda davom etadigan boʻlsa Anriga ham chiqish eshiklari koʻrsatiladimi?
21-turning qolgan oʻyinlarida qayd etilgan natijalar:
“Lill” – “Amyen” – 2:1
“Nim” – “Tuluza” – 0:1
“Reyms” – “Nissa” – 1:1
“Renn” – “Monpelye” – 0:0
“Anje” – “Nant” – 1:0
“Kan” – “Marsel” – 0:1
“Bordo” – “Dijon” – 1:0
“Sent-Etyen” – “Lion” – 1:2
Chempionatda PSJ 53 ochko bilan yaqqol peshqadam boʻlib turibdi. Boz ustiga ularning zaxirasida yana ikkita oʻyin bor. 2-oʻrinda borayotgan “Lill” esa peshqadamdan 13 ochkoga ortda qolmoqda. Kuchli uchlikni 37 ochko bilan “Lion” yakunlab beradi.
“Monako” klubi esa 15 ochko bilan hamon 19-oʻrinda bormoqda. Ularni Liga 1da qolish imkonini beruvchi 17-oʻrin bilan atigi uch ochko ajratib turibdi.