Xorazm viloyatining Gurlan va Xonqa tumanlarida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan psixotrop vositalarining yashirin savdosiga chek qo‘yildi.
So‘nggi yillarda giyohvand moddalar savdosi shakllarining yangicha usullari paydo bo‘lyapti. An’anaviy narkotiklar o‘rniga ulardanda kuchli, ammo tarqatish qulay bo‘lgan dorilar, psixotrop moddalar muomalaga kirib kelayotgani bugun ko‘pchilikka ma’lum.
Ayniqsa, giyohvandlik vositalari yangi turlarining paydo bo‘lishi hamda ular kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga olib kelinib, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar orasida tarqatilayotganligi jamiyat uchun jiddiy xavfga aylandi.

Bunday salbiy holatlarga qarshi kurashish esa davlat organlari va tashkilotlarining mas’uliyatini yanada oshirdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Gurlan tumani bo‘limi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida Gurlan tumanida ro‘yxatdan o‘tgan xususiy korxonaga qarashli oziq-ovqat do‘koni sotuvchisi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi “sibutramin” moddasi mavjud bo‘lgan 60 dona sarg‘ish rangli folga qadoqlarini sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, jami 139 dona huddi shunday qadoqchalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Bunday noqonuniy harakat Xonqa tumanida ham aniqlandi.
Departamentning Xonqa tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida Urganch shahrida ro‘yxatdan o‘tgan xususiy korxonaga qarashli dorixona rahbari kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan holda fuqaroga ko‘p miqdordagi psixotrop moddalar bo‘lgan jami 100 dona tabletkani shifokor retseptisiz sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wssABcf9IBo" title="Psixotrop vositalari savdosi toʻxtatildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat, video), O‘zA muxbirlari