O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston– 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamkorligida “Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi psixoemosional holatdagi muammolar va ularning oldini olish, shuningdek tarbiyalanuvchilar shaxsiyatini shakllantirish” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminar maktabgacha ta’lim psixologlarining huquqiy va axloqiy mas’uliyatini oshirish, ulardagi kasbiy so‘nishning oldini olish, stresslarga bardoshlilik darajasini yaxshilash, zamonaviy yondashuvlar va metodlar orqali ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishdek maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatli.
Seminarda mahorat darslari tashkil etilib, unda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 170 nafar maktabgacha ta’lim psixologlari hamda 22 nafar trener ishtirok etmoqda.
Bunda ishtirokchilarga respublikamizning nufuzli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va amaliyotchi psixologlari tomonidan 2 kun davomida 26 soatlik malaka oshirish kursi doirasida ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi.
Xususan, seminarning birinchi kunida “Bolalarning yosh xususiyatlari asoslari”, “Maktabgacha yoshdagi bolalarning kognitiv faoliyati asoslari”, “Maktabgacha yoshdagi bolalarda psixologik xususiyatlar, psixosomatika”, “Diagnostika va diagnostika metodlari” shuningdek, “Proyektiv metodikalar va ularni qo‘llash amaliyoti”, “Korreksiya va korreksion metodikalar”, “Art-terapiya metodlari” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilinmoqda.
Aytish kerakki, Ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan “Psixologik yordam” platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, u bir necha yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatmoqda. Interfaol testlar va o‘quv dasturlari orqali psixologlar va o‘qituvchilarning amaliy malakasini oshirish, psixologik ssenariylar yordamida o‘quvchilarning ruhiy salomatligini baholash va qo‘llab-quvvatlash, elektron kutubxona va me’yoriy-huquqiy hujjatlar bazasi orqali metodik resurslarga erkin kirish, simulyatsiya va amaliy keyslar orqali real vaziyatlarni modellashtirish imkoniyati kabi yo‘nalishldar shular jumlasidan.
Platformaga maktabgacha ta’lim ishtirokchilari (tarbiyachilar, psixologlar va ota-onalar) va umumiy o‘rta ta’lim ishtirokchilari (o‘qituvchilar, psixologlar va ota-onalar) uchun 170 dan ortiq turli formatdagi foydali raqamli resurslar joylangan.
Shuningdek, platformadagi “Psixologik qo‘llab-quvvatlashga oid resurslar” bo‘limida bolalar uchun neyrogimnastika mashg‘ulotlari, aqliy va kognitiv rivojlanishni qo‘llab-quvvatlovchi materiallar jamlangan.
–Bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimiga bolalar qamrovini oshirish bilan birga, psixologik xizmatlarni takomillashtirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Gulbahor Parpiyeva. – Ikki kun davomida psixologik xizmatlarga oid yangiliklar, ilg‘or ish uslublarini joylardagi maktabgacha ta’lim muassasalarida joriy etishga e’tibor qaratiladi.
Bunday tadbirlar o‘qituvchi va psixologlarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, ularning kasbiy faoliyatini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida takomillashtirish hamda o‘quvchilarning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri