Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prokurorning axboroti eshitildi
11:05 / 2026-02-10

Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat prokurori U. Hamdamovning 2025 yil davomida viloyat hududida qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini muhofaza etish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga qarshi profilaktika ishlarini kuchaytirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil axboroti tinglandi.

Sessiyada ta’kidlanganidek, 2025 yil mobaynida viloyat hududida qariyb 2 ming 800 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, ular natijasida 6 ming 700 dan ortiq prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. Xususan, 3 145 ta qonunga zid huquqiy hujjatga nisbatan protestlar kiritilib, ular orqali qonun ustuvorligini ta’minlashga erishilgan. Qonunbuzilishlari, shuningdek, ularning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish maqsadida 1 269 ta taqdimnoma kiritilgan.

Nazorat tadbirlari natijasida 1 466 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka, 1 517 nafar shaxs esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shu bilan birga, sud organlariga 1,1 milliard so‘m miqdoridagi zararlarni undirish yuzasidan 62 ta da’vo arizasi kiritilib, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish borasida aniq amaliy natijalarga erishilgan. Jiddiy qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 287 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Axborotda iqtisodiy yo‘nalishdagi ishlar ham alohida e’tirof etildi. Jumladan, prokuratura organlarining bevosita ko‘magi bilan 112 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilgan, turli sabablarga ko‘ra faoliyati to‘xtab qolgan 420 ta korxonaning ishi qayta tiklangan. Natijada 789 ta ish o‘rni saqlab qolinib, aholining bandligini ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shilgan.

Sessiyada viloyatda kadastr idoralarining mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi faoliyati, qurilish boshqarmasi hamda qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasining uy-joy qurilishi ustidan nazoratni ta’minlash ishlari, sog‘liqni saqlash tizimida byudjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish masalalari tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, sohalarni raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, boshqaruv jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan  aniq taklif va amaliy tavsiyalar bildirildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri