Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda milliy sport turlarini ommalashtirish maqsadida Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida kurash va erkin kurash bo‘yicha «Prokuror kubogi» musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqaning ahamiyatli jihati – bellashuvlar Tashabbusli byudjet loyihasi asosida barpo etilgan, zamonaviy standartlarga to‘la javob beradigan yangi kurash zalida tashkil etilganidir. Ushbu zal musobaqa bilan bir vaqtda yangiyerlik yosh sportchilar foydalanishi uchun tantanali ravishda topshirildi. Bu esa shaharda milliy sportga bo‘lgan e’tibor va infratuzilmaviy imkoniyatlar kengayayotganining yorqin dalili bo‘ldi.

Qizg‘in va murosasiz ruhda kechgan bellashuvlar yoshlar o‘rtasida kuchli raqobatni namoyon qildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘oliblikni quyidagi sportchilar qo‘lga kiritdi:
Qizlar o‘rtasida 55+ kg vazn toifasida Oyinsa Marufboyeva, 48 kg vazn toifasida O‘g‘iloy O‘lmasovalar 1-o‘rinni egallashdi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida 55+ kg vazn toifasida Azizbek Abduvohidov, Erkin kurash bo‘yicha 60+ kg vazn toifasida Bobur Abduhamidovlar musobaqaning mutlaq g‘oliblari deb topilishdi.

Shuningdek, qolgan 10 ta vazn toifasida ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Umumiy hisobda 2010–2015 yillarda tug‘ilgan 200 nafardan ortiq yosh sportchi turli vazn toifalarida bellashib, o‘z mahorat va tayyorgarligini namoyish etdi.

Bellashuvlar yuqori saviyada, sport ruhi va do‘stona muhitda o‘tdi. Musobaqa har bir ishtirokchiga tajriba, matonat va irodani sinovdan o‘tkazish imkonini berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA