Jizzax viloyat prokuraturasida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumani va press-turda viloyat prokuraturasi rahbariyati, barcha bo‘lim boshliqlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmalari mas’ullari ishtirok etdi.
Anjuman ishtirokchilari viloyat prokuraturasi organlari tomonidan o‘tgan 2022 yilda ijtimoiy-iqtisodiy, voyaga yetmaganlar bilan ishlash, sudlarda prokuror vakolatlarini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat prokurorining katta yordamchisi Muhabbat O‘razaliyevaning hisobotini katta qiziqish bilan tingladi.
O‘tgan 2022 yil davomida prokuratura xodimlarning amaliy yordami bilan aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, yordamga muhtoj va kam ta’minlangan fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish borasida 23 ming nafardan ortiq ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanib, 186 nafar fuqaroning uy-joy bilan bog‘liq muammolari hal etildi.
Shuningdek, 2 ming 376 nafar fuqaroga malakali tibbiy xizmat, 1 ming 94 nafariga moddiy yordam ko‘rsatilgan, 473 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oila yarashtirilgan, sudlarga fuqarolarning manfaatlari uchun 376 million so‘mlik 185 ta da’vo arizalari kiritilgan.
Sog‘liqni saqlash sohasida o‘tkazilgan 60 ga yaqin tekshirishlar yuzasidan jami 845 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. 230 million 300 ming so‘mlik zarar ixtiyoriy qoplangan, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 1 ming 164 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.
“Prokuror va yoshlar” mavzusida o‘tkazilgan 624 ta uchrashuvda 4 ming 580 nafar uyushgan va 7 ming 615 nafar uyushmagan yoshlardan kelib tushgan 2 ming 160 ta murojaatning 2 ming 90 tasi ijobiy hal etilgan va ish bilan ta’minlash masalasida yoshlar tomonidan ko‘tarilgan 185 ta murojaat o‘zining ijobiy yechimini topib, 218 nafar yoshga murojaatlari bo‘yicha jami 2 milliard 700 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.
Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan qonunlar va Prezident qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yilda Investitsiya dasturidagi 209 ta, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi 14 ta va “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” dasturlaridagi 725 ta ob’ektdagi ishlar alohida nazoratga olingan.
[gallery-10764]
Nazorat tadbirlari davomida, 289 ta holatda ob’ektlar uchun ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarida 84 milliard 200 million so‘mdan ko‘p yoki loyiha qiymatiga nisbatan 12 foiz mablag‘ ortiqcha va jiddiy zaruratsiz kiritilganligi aniqlandi. Shu kabi, 124 ta ob’ektda 3 milliard 300 million so‘mlik sifatsiz ish va 2 milliard 600 million so‘mlik qo‘shib yozish holati barvaqt aniqlanib, joyida bartaraf etildi.
Tadbirkorlarning huquqiy himoyasini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish borasida o‘tkazilgan tizimli tadbirlar davomida faoliyat ko‘rsatmayotgan 1 ming 511 nafar tadbirkorning faoliyati prokuratura organlarining aralashuvi bilan tiklanganini ham qayd etib o‘tish lozim.
Shuningdek, prokuratura organlarining amaliy yordami bilan 2 ming 998 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, ularda 5 ming 670 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.
Voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida viloyat prokuraturasi organlari xodimlari tomonidan o‘tgan 2022 yilda voyaga yetmaganlar haqidagi qonunchilik ijrosi yuzasidan 330 ta tekshirish o‘tkazilib, prokuror protestlariga asosan 1 ming 67 ta qonunga zid hujjatlar bekor qilingan hamda muvofiqlashtirilgan, vakolatli idoralarga 339 ta taqdimnoma kiritilib, 177 nafar shaxs qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi to‘g‘risida rasman ogohlantirilgan.
Prokuror qarorlari va taqdimnomalariga asosan 884 nafar shaxs intizomiy, 467 nafari ma’muriy va 151 nafari moddiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, jami 34 ta da’vo arizalari kiritilib, 326 million 900 ming so‘mlik yetkazilgan zarar ixtiyoriy undirildi va qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 18 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ta’kidlandi.
Ochiq va tanqidiy ruhda o‘tgan matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, o‘z navbatida, tizim bilan bog‘liq bir qator taklif va tanqidiy mulohazalarini bildirdi.
Tadbirning ikkinchi qismida jurnalist va blogerlar viloyat prokuraturasi faoliyati, jismoniy va yuridik shaxslar qabulini tashkil etish uchun yaratilgan sharoitlar, prokuratura qoshida tashkil etilgan shtablar faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Ayniqsa, tizim faoliyatidan hikoya qiluvchi prokuratura tarixiy muzeyi anjuman ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA