Davlat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi muqobil va barqaror tizim shakllanishining asosiy omillaridan biridir.
Ayniqsa, ta’lim tashkilotlarining boshqa sohalar bilan yo‘lga qo‘yadigan aloqalari barcha soha vakillarining salohiyatini oshirish va takomillashgan tizim yaratishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham bu yo‘ldagi sa’y-harakatlar davom etdirilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Bosh prokuratura bilan hamkorlikda “Energetika xavfsizligini ta’minlash va energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari” mavzusida amaliy seminar tashkil etdi.

Bosh prokuratura hamda viloyatlar prokuraturalari huzuridagi yoqilg‘i-energetika sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limlari mas’ullari, shuningdek, “O‘zenergoinspeksiya”, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta’minot” AJ mutaxassislari ishtirok etgan ushbu seminarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi, "O‘zgidroenergo" AJ hamda “Hududgazta’minot” AJning Vaziyatlar markazlarida bo‘lib, zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlarning imkoniyatlari va ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Shu bilan birga, elektr energiyasini ishlab chiqarish, iste’molchilarga elektr energiyasi hamda suyultirilgan gaz yetkazib berish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlar xususan, joriy etilgan yangi tizimning imkoniyatlari va afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminar yakunida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar Energiya samaradorligi va ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Abdusaid Isoqovning “Energetika xavfsizligi — iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashning poydevori” mavzusida qilgan ma’ruzasi ishtirokchilarda iliq taassurot uyg‘otdi.
Sherbek Islomov, O‘zA