8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni
2016 yil 19 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 8 yanvar – O‘zbekistonda prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilangan. Shundan beri bu sana yurtimizda keng nishonlab kelinmoqda.
Prokuratura organlari – mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida izchil faoliyat yuritmoqda.
Prokuratura organlarining bugungi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablarining to‘liq va so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan.
Ijtimoiy sohadagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir.
Iqtisodiy sohada qonuniylikni mustahkamlash, ayniqsa, investitsiya dasturlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash, energiya resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish, yashirin iqtisodiyot shakllanishining turli usul va kanallarini aniqlash hamda ularga barham berish borasida tizimli ishlar ro‘yobga chiqarilmoqda.
Tadbirkorlar va xorijiy investorlarga qonun ustuvorligi, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
[gallery-27031]
Prokurorlarning sud protsesslaridagi ishtiroki, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan choralar, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish, tergov va tezkor-qidiruv faoliyati bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratilayotir.
Soha xodimlarining mashaqqatli va mas’uliyatli faoliyatida erishilayotgan shu kabi yutuqlar sana munosabati bilan “Turkiston” san’at saroyida tashkil etilgan tantanali tadbirda e’tirof etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Qutlovda so‘nggi yillarda prokuratura organlari faoliyatida amalga oshirilgan islohotlar natijasida ular xalqqa yaqin bo‘lib, inson qadri, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini bevosita joylarda ta’minlayotgan tizimga aylangani alohida ta’kidlandi.
Xususan, o‘tgan yilda qariyb 512 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 54 mingga yaqin murojaat, jumladan, 29 mingga yaqin tadbirkorning masalalari ijobiy hal etilgani prokuratura organlari faoliyatining samaradorligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tizimli profilaktika ishlari asosida og‘ir toifadagi mahallalar soni qariyb 1,5 barobar kamaydi. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida minglab huquqbuzarliklarning oldi olinib, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan katta miqdordagi zararlar undirildi.
Prezidentimiz tabrigida raqamlashtirish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, tergov jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ochiqlik va shaffoflikni yanada kuchaytirish dolzarb vazifa ekani alohida ta’kidlandi. Prokuratura xodimlari qonun ustuvorligi va adolat timsoli bo‘lishi, xalq ishonchini oqlashi zarurligi qayd etilgan.
Tadbirda Prezident farmoniga ko‘ra orden va medallar bilan taqdirlangan prokuratura xodimlariga Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Nodira Xakimova ushbu yuksak mukofotlarni topshirdi.
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA muxbiri