Buxoroda o‘tgan 2021 yilda prokurorlar sektorlarida xalq deputatlari tegishli Kengashlar qarorlari bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” asosida aholini ijtimoiy himoya qilish, nogironlar va muhtoj oilalarga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish hamda “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan shaxslar bilan manzilli ishlashga alohida e’tibor qaratilib, aholining 12 ming 854 ta muammosi hal etilgan.
Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati tomonidan prokurorlar sektorlaridagi oilalarga oziq-ovqat, dori-darmon, chorva, pul mablag‘lari va boshqa yordamlar ko‘rsatilgan.
Yordamlar natijasida “Temir daftar”da bo‘lgan 11 ming 975 ta ehtiyojmand oilaning 11 ming 642 tasi yoki 97,2 foizi ro‘yxatdan chiqarilgan. 97 ta ehtiyojmand oilaning uy-joylari qayta rekonstruksiya va kapital ta’mirlanib, 90 ta muqim turar joyga ega bo‘lmagan oilalar uy-joy bilan ta’minlangan.
[gallery-5549]
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan jami 5 ming 920 nafar yoshning 5 ming 722 tasi yoki 96,7 foizining muammolari bartaraf qilinganligi sababli ro‘yxatdan chiqarilgan.
– “Yoshlar daftari”da bo‘lganim sabab viloyat prokurorining tashabbusi bilan subsidiya asosida inkubator yetkazib berildi, – deydi tumanning G‘azberon MFY Quyi G‘azberon qishlog‘ida yashovchi, 26 yoshli Baxriddin Dehqonov. – Birinchi marta inkubatorga 300 dona tuxum qo‘ydim. Afsuski, texnik nosozliklar sabab ishlarim o‘xshamadi. Lekin tushkunlikka tushmadim. Yana 300 dona tuxum qo‘yib, 210 ta jo‘ja oldim. Ayni paytda jo‘jalarni boqayapman. Sektor tomonidan 1 sotix issiqxona qurib berildi. Ayni paytda issiqxonada ko‘kat va sabzavotlar ekilgan. Mazkur mahsulotlar fevral oyida tayyor bo‘ladi. Bozorga olib chiqib sotishni rejalashtiryapman. Undan keyin pomidor, bodring, qulupnay ekaman. Yil davomida mana shu issiqxonadan 3 marotaba hosil olishni rejalashtirganman. Tovuqxona, molxona qurish niyatim ham bor.
– Ishsiz edim, – deydi tumanning Toshrabot MFY Qoraxoni qishlog‘ida yashovchi 39 yoshli Nurxon Boymonova. – Viloyat prokurori tashabbusi bilan berilgan inkubatorga olib berilgan 490 ta bedana tuxumini qo‘ydim. Ayni kunda tuxumlardan bedana jo‘jalari ochilmoqda. Ularni ko‘paytirib, bedana tuxumini yetkazib berishni maqsad qildim. Sektor tomonidan 5 ta echki, 40 sotix yer berildi. Yerda sabzi ekib 27 million so‘m sof foyda qildim. Darvozaxonam ta’mirlab berildi. Ayni kunda molxona qurilmoqda. Sektor rahbarlari tomonidan 2 nafar qizim bepul qo‘shimcha darslarga bormoqda. Hayotimda o‘zgarishlar boshlandi.
Voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida 214 ta o‘rganish o‘tkazilgan. 1 ming 71 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilishi natijasida 4 ming 691 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.
“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi bo‘yicha hamkorlikda ko‘rilgan choralar natijasida 586 nafar yosh tadbirkorlarga 94,2 mlrd. so‘mlik loyiha hujjatlari moliyalashtirilib, jami 2 ming 580 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. 64 ta “Yoshlar mehnat guzari” va “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi foydalanishga topshirilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA