Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan davlatimiz rahbarining shu yil 5 mart kuni o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida bergan topshiriqlari ijrosi o‘rganilmoqda.
Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahar va Pastdarg‘om tumanlari prokuraturalari hamda ichki ishlar bo‘limlari huzuridagi tergov bo‘linmalari tergovchilari hamda surishtiruvchilari ish yurituvidagi tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilishi o‘rganildi. Hududda sodir etilgan kiberjinoyatlarni fosh etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli muhokama qilinib, sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, amaliyotdagi mavjud muammoli masalalar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Tergov sifatini yanada yaxshilash, dalillarni o‘z vaqtida olinishi va rasmiylashtirilishida me’yoriy-huquqiy hujjatlar hamda jinoyat protsessual qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishi zarurligi ta’kidlandi. Jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning dastlabki tergovda undirilishiga qaratilgan barcha protsessual harakatlarning amalga oshirilishi, tergov sifati va ish samaradorligini kuchaytirish maqsadida tergovchilar, xususan, yosh mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish yuzasidan soha rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Ishchi guruhi tomonidan davlatimiz rahbarining mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish, respublikadagi kriminogen vaziyatni kundalik tahlil qilish faoliyatini tashkil etishga doir qarorlari ijrosi ham o‘rganildi.

Xususan, Kattaqo‘rg‘on va Bulung‘ur tumanlarida mazkur qarorlar ijrosi bo‘yicha tuzilgan hududiy idoralararo muvofiqlashtiruv shtablari tomonidan amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirildi. O‘rganish chog‘ida “mahalla yettiligi” va ijtimoiy profilaktikaga mas’ul bo‘lgan mutasaddilarga “Yo‘l xarita"lar ijrosini belgilangan muddatlarda sifatli ta’minlash, individual profilaktik tadbirlar o‘tkazilishini jadallashtirish, mahallalarni to‘liq videokuzatuv bilan qamrab olish, ishsizlarning bandligini ta’minlash, probatsiyada turgan shaxslarning ijtimoiy muammolarini muntazam hal qilib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Ijtimoiy profilaktika tadbirlari davomida aniqlangan ayollar va yoshlarning muammoli masalalarini hududda kichik ishchi guruhlar tuzgan holda “fuqarobay” ishlash orqali qisqa muddatlarda qonuniy hal etish choralarini ko‘rish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi va vazifalar ijrosi nazoratga olindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri